Iqtisodiyot | 09:39
2032
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Janubiy Koreya uchun bojlarni 25 foizgacha oshirishini e’lon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Janubiy Koreyadan olib kiriladigan tovarlarga qo‘yilgan bojlarni 15 foizdan 25 foizgacha oshirdi. Bunga sabab sifatida u mamlakat parlamenti haligacha 2025 yil iyul oyida ikki davlat o‘rtasida erishilgan savdo kelishuvini qabul qilmaganini ko‘rsatdi.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Janubiy Koreya tovarlariga qo‘yilgan bojlarni 15 foizdan 25 foizgacha oshirganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bunga sabab — mamlakat parlamenti iyul oxirida ikki davlat yetakchilari kelishib olgan savdo bitimini haligacha qabul qilmagani. AQSh rahbari bu haqdagi bayonotni 26 yanvar, dushanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya parlamenti “Qo‘shma Shtatlar bilan tuzilgan kelishuv shartlarini bajarmayapti”. “Prezident Li (Li Chje Myon — tahr.) va men 2025 yil 30 iyulda har ikki davlat uchun manfaatli kelishuvga erishdik, bu shartlarni mening 2025 yil 29 oktyabrda Koreyaga tashrifim vaqtida ham tasdiqladik”, — deb yozdi Tramp. U hujjat nega hali ham qabul qilinmagani haqida savol qo‘ydi.

“Koreya qonunchilik organi tarixiy savdo kelishuvimizni qabul qilmagani uchun — bu ularning vakolati — men Janubiy Koreya uchun avtomobillar, yog‘och materiallari, farmatsevtika va boshqa barcha o‘zaro tariflar bo‘yicha bojlarni 15 foizdan 25 foizgacha oshiryapman”, — dedi AQSh yetakchisi.

Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyati Tramp postiga izoh berib, jurnalistlarga hozircha “AQSh hukumatidan rasmiy bildirishnoma yoki batafsil tushuntirish olmagani”ni aytdi. Shu bilan birga, ular prezident ma’muriyatining siyosiy masalalar bo‘yicha rahbari va tegishli vazirliklar vakillari ishtirokida “yuqori darajadagi shoshilinch yig‘ilish” o‘tkazilishini ma’lum qildi. The Korea Times gazetasi yozishicha, yig‘ilishda “vaziyatni baholash va javob choralarini ishlab chiqish” masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, hokimiyat xabar berishicha, hozir Kanadada bo‘lib turgan sanoat vaziri Kim Chon Kvan yaqin vaqt ichida AQShga yo‘l olib, bojlarni oshirish masalasini mamlakat savdo vaziri Hovard Lyutnik bilan muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Iyul oyi oxirida AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh va Janubiy Koreya o‘rtasida yangi savdo shartlari bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytgan: unga ko‘ra, Janubiy Koreya importiga 15 foiz tarif qo‘llanadi. AQSh tovarlarining Janubiy Koreyaga kiritilishi uchun esa hech qanday boj nazarda tutilmagan.

Trampning ta’kidlashicha, kelishuv AQSh uchun 350 mlrd dollarlik investitsiyani kafolatlaydi va bu mablag‘lar AQShga tegishli bo‘lib, ular tomonidan nazorat qilinadi. Seul, shuningdek, Vashingtondan 100 mlrd dollarlik energiya resurslarini sotib olish majburiyatini ham oladi.

Biroq Trampning 2025 yil oktyabr oxirida Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida investitsiya mavzusi bahslarga sabab bo‘lgan. Seulda 350 mlrd dollar mablag‘ning asosiy qismi AQShda yangi korxonalar ochadigan Janubiy Koreya kompaniyalariga kreditlar va ular bo‘yicha kafolatlar uchun mo‘ljallangani aytilgan. Tramp esa Seul ushbu summani oldindan to‘liq naqd pul ko‘rinishida yoki aksiyalar shaklida to‘lab berishini xohlagan. Shu munosabat bilan prezident Li bunday yirik pul sarflari mamlakat moliya bozorini beqarorlashtirishi, investitsiya kelishuvini shubha ostiga qo‘yishini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid