O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Fath ijro qo‘mitasi bosh kotibi Jibril Mahmud Muhammad Rajab bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazir o‘zining telegram kanalida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, muzokaralar davomida O‘zbekiston va Falastin o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati hamda istiqbollari muhokama qilingan. Tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash va turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashgan.
Shuningdek, Baxtiyor Saidov O‘zbekiston Falastin xalqining tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotga erishishga qaratilgan intilishlarini doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidlab, G‘azodagi aholi ravnaqi va farovonligi yo‘lidagi insonparvarlik sa’y-harakatlariga ko‘maklashishga sodiqlik yana bir bor tasdiqlanganini bildirgan.











