Xalqaro tartibot shu darajada zaiflashdiki, bir davlatning boshqa bir mustaqil mamlakat hududiy yaxlitligiga qilayotgan tajavvuzlariga na hayrat bor, na xavotir. Yillar davomida shakllangan qoidalar o‘rnini xaos egalladi. Endi hamma narsa mumkindek. Kelajak haqidagi prognozlar mavhumlashgan bir sharoitda oltin narxi 5600 dollarga yaqinlashdi. Ayni paytda narxlar ancha barqarorlashdi, ammo qimmatbaho metall yanvar oyini keskin o‘sish bilan yakunlashga yaqin turibdi. Xo‘sh, oltin bahosi nimalarning hisobiga oshib ketdi?
Oltin ming yillardan buyon boylik, iqtisodiy qudrat ramzi bo‘lib keladi. Tilla ilinjida odamlar dunyoning eng uzoq va borish qiyin bo‘lgan hududlarini ham zabt etgan, qanchadan qancha qonli urushlar yuz bergan. Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida ham ushbu qimmatbaho metall jahon moliyaviy tizimida o‘zining kuchli ta’sirini saqlab qolyapti. Xususan, so‘nggi yillarda oltin bahosi karrasiga qimmatlashdi. 2026 yilning boshiga kelib esa narxlar oshishi yanada tezlashdi. Xo‘sh, bunga qaysi omillar ta’sir qilyapti?
Geosiyosiy beqarorlik. Geosiyosiy vaziyatning yomonlashishi yoki iqtisodiy beqarorlik, masalan, urushlar, siyosiy yoki moliyaviy inqirozlar oltin narxini oshiradi. Oltin ko‘pincha "xavfsizlik yostiqchasi” sifatida ko‘riladi, shuning uchun beqaror davrlarda unga talab ortadi. Ukrainadagi urush qariyb 4 yildan beri davom etyapti va haligacha yechim topilmayotgani investorlar ongida xavotirlarni kuchaytirib, ularni riskli aktivlardan chekinishga undaydi. Yaqin Sharqdagi vaziyat ham 2023 yil oxirida nihoyatda keskinlashdi. Xususan, Isroil va Falastin o‘rtasidagi qurolli mojaro hamda Eronda kuzatilgan notinchliklar mintaqaviy tanglikka sabab bo‘lyapti. 2026 yil boshlarida esa AQSh va Eron o‘rtasida keskinlik yanada jiddiylashdi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga kuch ishlatish bilan ochiqcha tahdid qilyapti. Ushbu bayonotlar fonida tilla bahosi har unsiya uchun 5500 dollarlik nuqtani ham zabt etdi. Sodda qilib aytganda, kelajak haqidagi prognozlar mavhumlashsa, investorlar uchun oltin asosiy aktivga aylanadi va unga pul tikish ko‘payadi.
Dollar kursi va FZT siyosati. Oltin narxi o‘sishning yana bir asosiy drayveri Amerika valutasining keskin zaiflashuvi bo‘ldi. Dollar indeksi so‘nggi to‘rt yillik eng minimum darajaga tushdi. Bozorlar Trampning ritorikasiga munosabat bildirishyapti. U Amerika eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun kuchsiz dollarga toqat qilish kerakligiga ochiqcha ishoralar qilgandi. Bu investorlarning AQSh valutasiga jamg‘arma vositasi sifatida bo‘lgan ishonchini pasaytirdi.








