Yong‘in asosan 2-qavatda, bolalar o‘yingohida yuz bergan. Odamlar sarosimada tartibsiz harakat qilishgan, ko‘pchilik tashqariga otilgan, ota-onalar esa farzandlarini qutqarish uchun o‘zini ichkariga urgan. Kun.uz voqea joyidan tayyorlagan reportajda FVV vakili qutqaruv amaliyoti tafsilotlarini aytib berdi.

31 yanvar kuni Toshkent shahri Yashnobod tumani Parkent ko‘chasida joylashgan Aviator savdo-ko‘ngilochar markazida yirik yong‘in sodir bo‘ldi.

Yong‘in umumiy ovqatlanish shoxobchalari va bolalar maydonchasi joylashgan ikkinchi qavatda chiqib, atrofga tarqalgan. Olov taxminan 800 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Yong‘inni o‘chirish ishlariga 12 ta asosiy va 4 ta maxsus texnika hamda 6 ta suv tashuvchi texnika jalb etilgan.

Dam olish kuni bo‘lgani sababli bu yerga ko‘plab oilalar yosh farzandlari bilan kelgandi.

Yong‘in o‘chirilganidan keyin bolalar o‘yingohida 3 yoshli bolaning jasadi topildi.

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Zuhriddin Qurbonov jurnalistlarga hodisa tafsilotlari haqida aytib berdi. Qayd etilishicha, ichkaridan juda ko‘p yosh bolalar olib chiqilgan.

Hodisa haqida xabar berilganda qutqaruv texnikalari zudlik bilan voqea joyiga jo‘nab ketgan. Dastlabki qutqaruv texnikalari yetib kelganda vaziyat tartibsiz holatda bo‘lgan.

«Ayrim fuqarolar ichkariga kirayotgan, ayrimlar tashqariga chiqayotgan, tartibsizlik yuzaga kelayotgandi. Shunday sharoitda qutqaruvchilar qutqaruv va evakuatsiya ishlariga kirishdi.

Pastki qavatdagi fuqarolar yuqoriga chiqib olgandi, lekin yuqori qavatdagi vaziyat xavfli edi, u yerdagi yosh bolalar o‘yingohida bolalar juda ko‘p edi – ikkinchi qavatda 120 dan ortiq fuqarolar bor edi.

Birinchi navbatda, xodimlarning barchasi shu fuqarolarni evakuatsiya qilishga jalb etildi. Farzandlari ichkarida qolib ketgani sababli ayrim ota-onalar ichkariga kirishga urinardi. Tartibsizlik yuzaga kelgandi.

Ichki ishlar vazirligidan yordam chaqirildi va qutqaruvchilar deyarli barcha fuqarolarni va ichkarida qolib ketgan bolakaylarni qutqarib olib chiqishga erishdi. Afsuski, yong‘in o‘chirib bo‘linganidan so‘ng, ichkarida 2023 yilda tug‘ilgan bir bolakayning jasadi topildi. U ham shu bolalar o‘yingohida bo‘lgan», – deydi u.