Majlisda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan — «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ayrim holatlarda telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmoqlarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish va jamoat tartibini buzuvchi boshqa harakatlar kuzatilayotgani qayd etildi.
Qonun loyihasi bilan ana shunday harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etish taklif qilinmoqda. Ushbu norma jamoat tartibi va fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlashga, internet makonida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani ta’kidlandi.
Muhokamalar jarayonida loyihada nazarda tutilgan normalar jamiyatda xavfsiz muhitni mustahkamlash, aholi, ayniqsa yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan holatlarni bartaraf etish hamda huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.











