Ko‘chmas mulk | 14:32 / 04.02.2026
1486
2 daqiqa o‘qiladi

Urbanizatsiyada raqamli tizimlar: “Yer banki” va “Uy-joy” platformasi yaratiladi

Shavkat Mirziyoyev urbanizatsiya va uy-joy qurilishi jarayonlarini raqamlashtirish, yer ajratish va qurilishni rejalashtirishni yagona tizimga birlashtirish bo‘yicha yangi takliflar bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasini samarali boshqarish uchun raqamli texnologiyalarni keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda bosh va master rejalarning yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish, qurilishga tayyor yer maydonlari bo‘yicha alohida elektron baza — “Yer banki”ni yaratish taklif etildi.

Mazkur tizim orqali qurilishga tayyor yer maydonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘planadi, barcha zarur ruxsatnomalar va tayyorgarlik jarayonlari auksionga chiqarilishidan oldin rasmiylashtiriladi. Natijada tadbirkor yer maydonini auksionda yutib olgandan so‘ng qo‘shimcha hujjat yig‘masdan, barcha ruxsat va kelishuvlarni avtomatik tarzda olish imkoniga ega bo‘ladi. Qurilishga tayyor bo‘lmagan yerlarni auksionga chiqarish taqiqlanadi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning yagona geoaxborot bazasi, “eskrou” tizimi, quruvchilar reytingi va boshqa raqamli yechimlarni o‘z ichiga olgan “Uy-joy” axborot tizimini ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu platforma orqali uy-joy qurilishi, sotuvi, moliyalashtirish va nazorat jarayonlarini shaffof va tizimli yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Raqamli tizimlarni joriy etish yer resurslaridan samarali foydalanish, qurilish jarayonlarini qisqartirish va sohada ochiqlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid