Jahon | 10:29 / 05.02.2026
1359
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Avstraliya bilan nodir yer metallari bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi

GFR tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Avstraliyada bo‘lib turgan paytida Berlin nodir yer metallari konlarini o‘zlashtirishga sarmoya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Germaniyaga bu resurslar shoshilinch ravishda zarur.

Yoxann Vadeful Foto: Simon Wohlfahrt/AFP/Getty Images

5 fevral, payshanba kuni Avstraliya poytaxti Kanberrada Germaniya va Avstraliya tashqi ishlar vazirlari — Yoxann Vadeful hamda Penni Vong uchrashuv o‘tkazdi.

Vadeful so‘zlariga ko‘ra, Avstraliyada ko‘plab strategik ahamiyatga ega xomashyo turlari, jumladan litiy qazib olinadi. “Biz xomashyo sohasidagi hamkorlikni, ayniqsa muhim minerallar bo‘yicha, yanada rivojlantirishdan katta strategik manfaatdormiz”, — dedi u.

G‘arbiy Avstraliyadagi Grinbushes shahrida joylashgan kon dunyodagi eng yirik litiy koni hisoblanadi. “Oq oltin” deb ataluvchi litiy elektromobillar akkumulyatorlari, smartfonlar va boshqa yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llanadi. Grinbushes koni jahon litiy ishlab chiqarishining taxminan 20 foizini ta’minlaydi.

Shuningdek, Avstraliyada kuchli magnitlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan neodim va terbiy kabi nodir yer metallarining yirik zaxiralari mavjud.

Vadefulning ta’kidlashicha, mazkur konlarni o‘zlashtirish Germaniya uchun katta sarmoya talab qiladi. “Biroq ayni paytda aynan Germaniya bunday resurslarga juda muhtoj”, — dedi u.

GFR TIV rahbari YeI va Avstraliya o‘rtasida erkin savdo bitimini tezroq imzolash muhimligini ham ta’kidladi. 2023 yilda bu boradagi muzokaralar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi bo‘yicha kelishmovchiliklar sababli muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. Penni Vong ham kelishuvga erishish umidini bildirdi.

5 fevral kuni AQSh Davlat departamenti muhim ahamiyatga ega minerallarni qazib olish sohasida 11 ta yangi ikki tomonlama kelishuv yoki memorandum imzolanganini ma’lum qildi. Ular Argentina, Kuk orollari, Ekvador, Gvineya, Marokash, Paragvay, Peru, Filippin, BAA va O‘zbekiston bilan tuzilgan.

Bu jarayon global miqyosda nodir yer metallari uchun raqobat kuchayayotganini va strategik resurslar ta’minoti davlatlar tashqi siyosatida tobora muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid