Janubiy Hindistonning kamida ikki shtati vazirlari bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan uzoqlashtirishda taqiq samarali bo‘ladimi-yo‘qmi, shuni tahlil qilayotganini aytgan.

O‘tgan hafta e’lon qilingan Iqtisodiy sharh (Economic Survey) — mamlakat bosh iqtisodiy maslahatchisi boshchiligidagi guruh tayyorlaydigan yillik hujjat — federal hukumatga bolalar uchun yoshga doir cheklovlarni ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Bu tavsiyalar majburiy emas, ammo davlat siyosatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Biroq mutaxassislar bunday taqiqni amalga oshirish Hindistonda oson bo‘lmasligi va u huquqiy nizolarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Yaqinda Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun aksariyat ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan dunyodagi ilk davlatga aylandi. Qonun platformalarni foydalanuvchilar yoshini tekshirish va yoshga yetmaganlar hisoblarini o‘chirishga majbur qiladi.

Bu qaror ijtimoiy tarmoqlar tomonidan tanqid qilindi. Avstraliya internet-regulyatori BBC’ga aytishicha, kompaniyalar bu tartibga “juda istamay” rozi bo‘lgan.

Fransiyada ham 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlovchi qonun loyihasi quyi palatada ma’qullangan, ammo Senat tasdig‘i kerak. Buyuk Britaniya ham shunday chorani ko‘rib chiqmoqda.

Andhra-Pradesh shtatidagi hukmron partiya va bosh vazir Narendra Modining federal koalitsiyasiga kiruvchi Telugu Desam partiyasi deputati Devarayalu 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdan mahrum etishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini taklif qildi. Bu xususiy a’zo tashabbusi bo‘lib, hukumat siyosatini aks ettirmaydi va qonunga aylanishi ehtimoli past, ammo parlament muhokamalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Andhra-Pradesh hukumati global tartibga solish modellarini o‘rganish uchun vazirlar guruhini tuzdi va Meta, X, Google hamda ShareChat kabi platformalarni maslahatlashuvga taklif qildi. Kompaniyalar bu taklifga hozircha izoh bermagan.

Shtat axborot texnologiyalari vaziri Nara Lokesh bolalar “ijtimoiy tarmoqlardan cheksiz foydalanishga berilib ketayotgani”, bu esa ularning diqqati va ta’limiga salbiy ta’sir qilayotganini aytdi. U ijtimoiy tarmoqlarni ayniqsa ayollar va bolalar uchun xavfsizroq qilish niyatida ekanini bildirdi.

Goa shtati ham shunday choralarni ko‘rib chiqmoqda. Karnataka shtatida esa raqamli gigiyena va “raqamli detoks” dasturi doirasida 300 mingga yaqin o‘quvchi va 100 ming o‘qituvchi jalb etilgan.