Qayd qilinishicha, maktabgacha ta’lim bilan qamrov 78 foizga yetdi. Shu bilan birga, qamrovni 80 foizga yetkazish uchun yangi bog‘cha o‘rinlarini yaratish talab etiladi, 39 ta tuman va shaharda esa bog‘cha qamrovi 70 foizdan past darajada qolmoqda. Shuningdek, davlat bog‘chalarida pedagoglarning 61 foizi, nodavlat bog‘chalarda esa 76 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga egaligi kadrlar salohiyatini yanada oshirish dolzarb masala ekanini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan taqdimotda maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Jumladan, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida joriy etiladi. Bunda bolalarni maktab ta’limiga puxta tayyorlash, ta’limda uzluksizlikni ta’minlash asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.

Maktabgacha ta’lim tizimida o‘yinga asoslangan ta’lim modeli joriy etilib, bolaning tabiiy qobiliyati va qiziqishlarini hisobga olgan holda ta’lim-tarbiya jarayoni tashkil qilinadi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘quv muhiti yangilanadi.

Shuningdek, “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini shakllantirish rejalashtirilgan. 2026-2028 yillarda har bir hududda 120 o‘rinli “Yangi avlod” davlat bog‘chalari hamda ularning tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari tashkil etiladi. Mazkur bog‘chalarda qo‘shimcha rahbar hamda tarbiyachi-yo‘riqchi shtatlari joriy qilinib, rahbar va pedagog xodimlarga tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.

Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Bu orqali ta’lim xizmatlari bozorida sog‘lom raqobatni kengaytirish va qamrovni oshirish maqsad qilingan.

Kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlari xalqaro ilg‘or tajribalarga mos ravishda takomillashtiriladi. Shu bilan birga, amalda ishlab kelayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun dual ta’lim (“5+1”) asosida bakalavrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi.

2027-2028 o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga davlat namunasidagi elektron sertifikat berilishi, mazkur ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etilishi ko‘zda tutilmoqda.