Farmonga köra, maktabgaça ta’lim tizimida öyinga asoslangan ta’lim amaliyoti bosqiçma-bosqiç joriy etiladi. Şu bilan birga, tarkibida Bolalarni rivojlantiriş innovatsion markazi bölgan «Yangi avlod» maktabgaça ta’lim taşkilotlari tarmoği taşkil etilişi nazarda tutilgan.
Bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining dasturlari maktabgaça ta’lim taşkilotlari, umumta’lim maktablari va boşqa ijtimoiy soha obektlarida töliq yoki qisqa muddatli guruhlar körinişida amalga oşiriladi. Şuningdek, maktabgaça va umumiy örta ta’lim xizmatlarini körsatuvçi nodavlat ta’lim taşkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini taşkil etişga ruxsat beriladi.
2027–2028 öquv yilidan boşlab maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar, şuningdek, oliy ta’lim taşkilotlarining bitiruvçi bosqiç talabalari tomonidan olib borilişi belgilangan.
Şu davrdan boşlab tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan ötganlik töğrisida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi va uşbu ma’lumotlar umumiy örta ta’lim töğrisidagi şahodatnomada qayd etiladi.
2026–2028 yillarda Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toşkent şahrida bittadan davlat maktabgaça ta’lim taşkiloti sifatida faoliyat yurituvçi «Yangi avlod» maktabgaça ta’lim taşkilotlari taşkil etiladi. Ularda rahbar, pedagog va boşqa xodimlar tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida har oylik qöşimça ustama joriy etilişi közda tutilgan.
2026–2027 öquv yilidan boşlab pedagogika oliy ta’lim taşkilotlarida maktabgaça va boşlanğiç ta’lim yönalişi böyiça bakalavrlar tayyorlaş xalqaro ilğor tajriba asosida taşkil etiladi. Şuningdek, örta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uçun tegişli OTMda maktabgaça ta’lim yönalişida dual ta’lim şaklida, tölov-şartnoma asosida bakalavrlar tayyorlaş yölga qöyiladi. Yangi taşkil etiladigan davlat maktabgaça ta’lim taşkilotlariga, birinçi navbatda, oliy ma’lumotli tarbiyaçilar işga qabul qilinişi belgilangan.
Farmonda, bundan taşqari, 2026 yil 1 apreldan boşlab maktabgaça ta’lim qamrovi 80 foizdan past bölgan tuman (şahar)larda (Toşkent şahri bundan mustasno) tadbirkorlik sub’yektlari uçun qator imtiyozlar joriy etilişi ham közda tutilgan.

















