O‘zbekiston | 09:29
698
2 daqiqa o‘qiladi

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishning yangi tartibi belgilandi

2026 yil 1 oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish va o‘rnatishda majburiy talablar, QR-kodli yorliqlash hamda GPS-treker o‘rnatish tartibi joriy etiladi. Shuningdek, tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning yangi mexanizmi amal qiladi.

Foto: produkte.migros.ch

Yangi qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 oktyabrdan ta’minotchi korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan suv tejovchi texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalari maxsus raqamli QR-kodli yorliqlangan belgi ostida ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, ularga sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi (GPS treker)ni o‘rnatish tartibi joriy etiladi.

Shu sanadan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish ishlari tasdiqlangan minimal talab va me’yorlar asosida majburiy tartibda amalga oshiriladi.

Qaror bilan suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini jalb etmasdan, o‘z mablag‘lari hisobidan joriy etadigan tashabbuskorlar uchun subsidiya ajratishning yangi tizimi ham belgilandi.

Unga ko‘ra:

  • loyiha tashabbuskori suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun belgilangan minimal talab va me’yorlar asosida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi;
  • mazkur hujjatlar hamda ta’minotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan hisob-kitob qilingan subsidiya mablag‘ining 50 foizini oldindan ajratishga asos bo‘ladi;
  • texnologiyalar loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq o‘rnatilib, foydalanishga topshirilgandan so‘ng subsidiyaning qolgan 50 foizi loyiha tashabbuskoriga to‘lab beriladi;
  • subsidiyaning dastlabki 50 foizi ajratilganidan keyin ikki oy ichida texnologiyalar o‘rnatilib ishga tushirilmagan taqdirda, berilgan mablag‘lar belgilangan tartibda qaytariladi.

Mazkur chora-tadbirlar suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash va zamonaviy tejamkor texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid