Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Armaniston tinch atom bo‘yicha hamkorlikni boshladi
Jyey Di Vens va Nikol Pashinyan Yerevanda AQSh va Armaniston o‘rtasida tinch atom sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Hujjat Armanistonning energetik resurslarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi, dedi mamlakat bosh vaziri.
Tinch maqsadlarda yadro energiyasidan foydalanish bo‘yicha AQSh va Armaniston o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonot AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan tomonidan Yerevanda 9 fevral, dushanba kuni imzolandi. Bu Vensning Armanistonga ikki kunlik tashrifi doirasida amalga oshirildi.
Mazkur kelishuv “xavfsiz innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali Armanistonning energetik resurslarini diversifikatsiya qilishga ko‘maklashadi”, dedi Pashinyan.
Vens 9 fevral kuni Armanistonga rasmiy tashrif bilan yetib keldi. Arman OAV xabar berishicha, safarda unga turmush o‘rtog‘i va farzandlari hamrohlik qilmoqda. Amerika delegatsiyasi tarkibiga, shuningdek, AQSh Davlat departamentining iqtisodiy o‘sish, energetika va atrof-muhit masalalari bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Jyeykob Xelberg ham kiradi.
Armaniston OAV ma’lum qilishicha, yadro energetikasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolanishidan oldin AQSh vitse-prezidenti va Armaniston bosh vaziri avval yakka, keyin esa kengaytirilgan tarkibda uchrashuv o‘tkazgan.
“Armenpress” onlayn nashri yozishicha, Nikol Pashinyan Jyey Di Vens Armanistonga hozirgacha tashrif buyurgan eng yuqori lavozimli shaxs ekanini alohida ta’kidlagan. “O‘ylaymanki, bu faqat protokol nuqtai nazaridan bir jihat emas, balki so‘nggi yillarda, ayniqsa o‘tgan bir yilda, Armaniston va Qo‘shma Shtatlar munosabatlarida ro‘y bergan o‘zgarishlarning aks-sadosidir”, — degan Pashinyan.
U, shuningdek, 2025 yil avgust oyida Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tinchlik o‘rnatilgan sammitni tashkil etgani uchun AQSh prezidenti Donald Trampga va Vensning o‘ziga minnatdorchilik bildirgan. Shu bilan birga, Pashinyan “AQSh prezidenti Donald Tramp 2026 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga adolatli ravishda munosib ko‘rilishiga chin dildan umid” bildirgan, deya xabar beradi News.am onlayn nashri.