Texnologiya | 07:46
1102
3 daqiqa o‘qiladi

Kosmosdagi birinchi megapolis: SpaceX amaliy bosqichga o‘tmoqda

SpaceX Oyda o‘zini o‘zi ta’minlaydigan shahar barpo etish rejasini amaliy bosqichga olib chiqmoqda. Ilon Maskka ko‘ra, loyiha 10 yildan kam vaqt ichida ro‘yobga chiqishi mumkin. Oyga uchish imkoniyatlari va parvoz muddatining qisqaligi bu dasturni Marsga nisbatan ancha real va dinamik qiladi. 

Foto: wellnews.ru

Amerikaning SpaceX kosmik kompaniya investorlarga kompaniya ustuvorliklarni o‘zgartirayotganini ma’lum qildi: yaqin istiqbolda u e’tiborni Oyga qaratmoqchi.

“Bilmaganlar uchun: SpaceX allaqachon e’tiborni Oyda o‘zini o‘zi rivojlantiruvchi shahar qurishga ko‘chirdi. Hozirgi baholarga ko‘ra, buni 10 yildan kam vaqtda amalga oshirish mumkin, Marsda shahar barpo etish esa 20 yil va undan ko‘proq vaqt talab qiladi. SpaceX missiyasi esa o‘zgarmaydi — biz bilgan shakldagi ong va hayotni Yerdan tashqariga, yulduzlar sari yoyish”, — dedi Mask.

SpaceX rahbari ta’kidlashicha, Marsga uchish faqat sayyoralar qulay tarzda joylashadigan kamdan kam uchraydigan davrlarda mumkin — taxminan har 26 oyda bir marta, safarning o‘zi esa taxminan olti oy davom etadi. Bundan farqli ravishda, Oyga parvozlar har 10 kunda amalga oshirilishi mumkin, parvoz esa bor-yo‘g‘i ikki sutka atrofida. Bu degani, sinov–xatolar–takomillashtirish sur’ati Oy dasturida bir necha barobar yuqori bo‘ladi. Demak, Oydagi shaharni Marsdagi shunga o‘xshash loyihadan ancha tezroq qurish mumkin.

Shu bilan birga, SpaceX Mars maqsadidan voz kechmayapti. Kompaniya Marsda shahar qurilishini taxminan 5–7 yildan keyin boshlashni rejalashtirayotganini aytgan. Ammo strategik ustuvor vazifa o‘zgarmagan: sivilizatsiyaning uzoq muddatli omon qolishini ta’minlash. Bu nuqtai nazardan Oy — eng tez va realistik yo‘l sifatida ko‘rilmoqda.

Reuters xabariga ko‘ra, SpaceX 2027 yil mart oyida Oyga odamsiz qo‘nishni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Ayni paytda SpaceX Starship transport tizimini ishlab chiqishda davom etmoqda: u zanglamas po‘latdan yasalgan yirik apparat bo‘lib, to‘liq qayta foydalaniladigan va Oy hamda Mars missiyalarini ham o‘z ichiga olgan keng vazifalar uchun mo‘ljallangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid