O‘zbekiston | 12:15
1230
2 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik “Tashabbusli budjet”chilarni firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirdi

“Ovoz to‘plashda ko‘maklashamiz” yoki “loyihangizni g‘olib qilib beramiz” kabi va’dalarga ishonmaslik so‘ralmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, g‘olib chiqishning ikkita eng yaxshi yo‘li bor: faol targ‘ibot orqali ko‘proq ovoz yig‘ish yoki ovoz yig‘masdan ham, loyiha uchun mablag‘ning 50 foizini to‘plagan holda sheriklik mexanizmidan foydalanish mumkin.

"Tashabbusli budjet"da asfaltlangan Marhamat tumani Oqbosh mahallasidagi ko‘cha

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Tashabbusli budjet” loyihasi atrofidagi firibgarlik holatlaridan ogoh bo‘lishga chaqirdi.

“Hurmatli fuqarolar! “Tashabbusli budjet” doirasida “ovoz to‘plashda ko‘maklashamiz” yoki “loyihangizni g‘olib qilib beramiz” kabi va’dalarga ishonmasligingizni so‘raymiz.

“Tashabbusli budjet” g‘oliblari faqat ochiq ovoz berish hamda boshqa belgilangan mezonlar asosida aniqlanadi.

Agar g‘oyangiz bo‘lsa, uni ochiq tarzda taqdim eting, ovoz yig‘ing, jamoatchilik bilan ishlang. Qolaversa, endilikda loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirish ham mumkin. Sheriklik loyihalari uchun ovoz to‘plash talab etilmaydi. Bu – qonuniy, samarali va eng asosiysi ishonchli usul”, – deyiladi vazirlik e’lonida.

1–20 fevral kunlari “Tashabbusli budjet”da loyiha kiritish bosqichi bo‘lib o‘tdi. Hozirda loyihalarni saralash jarayoni ketyapti.

Saralashdan o‘tgan tashabbuslar 11 mart kuni ovozga qo‘yiladi. Ovoz yig‘ish bosqichi 10 kun davom etib, g‘oliblar 21 mart – Navro‘z bayramida e’lon qilinadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев

Mavzuga oid