Jahon | 11:00
3470
3 daqiqa o‘qiladi

«Putin shoh emas, urushning quli» – Zelenskiy

G‘arbdagi asosiy siyosiy forumlardan biri – har yili o‘tkaziladigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Ukraina prezidenti Rossiya yetakchisini «urushning quli» deb atadi hamda yana bir bor u Ukraina bilan cheklanmasligi haqida ogohlantirdi.

Foto: EPA

Volodimir Zelenskiy 14 fevral kuni xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasining ikkinchi kunida chiqish qildi.

U yana bir bor Rossiya hukumati urushni yakunlamoqchi emasligini qayd etib, kelgusida urush kengayishi va Yevropa mamlakatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirgan.

«U o‘z hayotida hokimiyatsiz yoki hokimiyatdan keyingi davr bo‘lishini tasavvur qila olmaydi. Normal narsalar uni qiziqtirmaydi. U hozirda tirik bo‘lgan odamlardan ko‘ra, shoh Pyotr va imperatritsa Yekaterina bilan hududiy istilolar bo‘yicha ko‘proq maslahatlashadi. U hozir bor e’tiborini Ukrainaga qaratgan, ammo Yevropaning boshqa davlatlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaydi, chunki u urush g‘oyasidan voz kecholmaydi. Siz Putinni urushsiz tasavvur qila olasizmi?» – degan Zelenskiy.

U Putinni to‘xtatish uchun Ukrainaga ham, Yevropaga ham real kafolatlar zarurligi, bu kafolatlar yana qancha vaqt urush bo‘lmasligini belgilashini aytib o‘tgan.

«U o‘zini shoh deb hisoblashi mumkin, lekin aslida u urushning quli. Agar u yana 10 yil yashaydigan bo‘lsa, urush yana qaytadi va u yanada keng ko‘lamli bo‘ladi. Shuning uchun Ukraina va Yevropaga kuchli xavfsizlik kafolatlari kerak. Bu kafolatlar tinchlik kelishuvlaridan oldin paydo bo‘lishi kerak», – deya davom etdi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy Vengriya bosh vaziri, Rossiyaning Yevropaga tahdidiga skeptik yondashuvchi Viktor Orbanni tanqid qilgan: «Orban o‘z qornini kattalashtirish haqida o‘ylashni bas qilishi lozim. U armiyani kattalashtirish haqida o‘ylashi kerak».

Zelenskiy Rossiyadan farqli o‘laroq, Ukraina tinchlik muzokaralari natijaga olib kelishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganiga ishontirgan. U muzokaralarga AQShdan tashqari Yevropani ham jalb qilish kerakligini qayd etgan. Ukraina prezidenti Rossiyaning tinchlikka intilayotganiga ishonmaydi: aks holda, Jyenevada bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda delegatsiyaga «tarixchi» Vladimir Medinskiy boshchilik qilmagan bo‘lardi.

«Putin Myunxenni takrorlashni xohlaydi. Faqat uning o‘zi Yevropani bo‘lib olish haqida gapirgan 2007 yilgi Myunxenni emas, balki oldtingi Putin Yevropani bo‘lib olishni boshlagan 1938 yilgi Myunxenni», – deydi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti o‘z chiqishi davomida Rossiya zarbalari ko‘lami va ularning oqibatlari haqida gapirdi hamda nutqning bu qismida infografika bilan to‘ldirdi. «Vayron bo‘lgan ko‘chalar, vayron bo‘lgan uylar, yer ostida qurilgan maktablar – bu Ukrainadagi kundalik hayot», – dedi u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid