Din işlari böyiça qömita 2026 yildagi Ramazon oyiga tayyorgarlik doirasida Özbekiston musulmonlari idorasi hamda tegişli idoralar tomonidan körilgan taşkiliy çoralar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinişiça, «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda ötkaziş töğrisida»gi prezident qaroriga asosan fazilatli oyda «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va şukronalik oyi» ğoyasi asosida amalga oşiriladigan vazifalar belgilandi.
Xususan, Ramazon oyida Özbekistonda faoliyat yuritayotgan 2 148 ta masjiddan 2101 tasida tarovih namozlari öqiladi. Şundan, 1 762 tasida töliq xatmona — «Xatmi Qur’on» tadbirlari ötkaziladi. Uşbu jarayonga 3 642 nafar iqtidorli qori saralab olindi.
Sönggi yillardagi ijobiy tajribadan kelib çiqib, bu yil ham «Xatmi Qur’on» tadbirlari barça masjidlarda bir xil vaqtda boşlanadi. Yakuni esa Ramazonning 27-kuni – taxminiy «Qadr keçasi»da yakunlanişi belgilangan.
Tarovih namozlari bugun, 18 fevral kuni xufton namozidan söng boşlanadi. Musulmonlar idorasiga köra, ularning boşlaniş vaqti şarqiy hududlarda 20:20 dan ğarbiy hududlarda 21:00 gaça çöziladi. Toşkent viloyati va poytaxtda tarovih namozlari 20:30 da boşlanişi belgilangan.
Şuningdek, Özbekiston musulmonlari idorasi tarovih namozlarida öqiladigan Xatmi Qur’on sahifalarining kunlik taqsimotini e’lon qildi.

Tarovih tadbirlarini tartibli ötkaziş maqsadida Içki işlar, Milliy gvardiya, Yonğin xavfsizligi xizmati xodimlari, şuningdek, 2 104 ta maxsus texnika jalb etiladi.


















