O‘zbekiston | 13:41
892
2 daqiqa o‘qiladi

«Umra plyus» doirasida ayrim turistlar uchun subsidiya joriy etilishi mumkin

Turoperatorlar tomonidan «Umra plyus» ziyorat turizmi dasturi doirasida Malayziya va Indoneziya davlatlaridan O‘zbekistonga olib kelingan har bir turist uchun rag‘batlantiruvchi subsidiya ajratish tartibi loyihasi ishlab chiqildi.

Foto: Reuters

Loyihaga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir turist uchun 100 AQSh dollarigacha bo‘lgan ekvivalentda subsidiya berish nazarda tutilmoqda. Subsidiyalar 2026 yil 1 martdan 2026 yil 31 dekabrga qadar ajratilishi belgilangan.

Subsidiya olish uchun talabgor turoperator turistlarning joylashtirish vositalarida E-mehmon tizimi orqali kamida uch kecha yashaganligi qayd etilgan bo‘lishi, soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi, qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi hamda faoliyati to‘xtatilmagan bo‘lishi kerak.

Arizalar belgilangan shaklda Qo‘mitaga topshiriladi va 2026 yil 1 dekabrga qadar qabul qilinadi. Arizaga turistlar ro‘yxati, hamkor tomon bilan tuzilgan shartnoma va to‘lovni tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek E-mehmon tizimidan kamida uch kecha yashaganlikni tasdiqlovchi ma’lumotlar ilova qilinishi lozim.

Qo‘mita ariza kelib tushgan kundan boshlab 15 ish kuni mobaynida hujjatlarni o‘rganib chiqishi va subsidiya ajratish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qilishi ko‘zda tutilgan. Qo‘shimcha o‘rganishlar talab etilsa, ko‘rib chiqish muddati yana besh ish kunigacha uzaytirilishi mumkin. Qabul qilingan qaror nusxasi ariza beruvchiga ikki ish kuni ichida elektron pochta orqali yuboriladi.

Shuningdek, subsidiya ajratish to‘g‘risidagi qarorda mablag‘ miqdori, turistlar soni, turoperatorning rekvizitlari va bank hisobvarag‘i ko‘rsatilishi qayd etilgan. Subsidiya mablag‘larining o‘tkazilishi ustidan nazorat esa Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid