AQSh prezidenti «barcha mamlakatlar uchun» 10 foiz miqdorda qo‘shimcha boj to‘lovi joriy etish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

«Men uchun katta sharaf — Oval kabinetdan turib, hozirgina barcha mamlakatlar uchun 10 foizlik global boj to‘lovini imzolagimni ma’lum qilaman. U deyarli darhol kuchga kiradi», — deb yozilgan nashrda.

Avvalroq AQSh Oliy sudi favqulodda holatlar to‘g‘risidagi qonundan foydalanib Tramp belgilagan tariflar qonunchilikka zid ekanini qaror qildi. Sud xulosasiga ko‘ra, prezident ushbu qonunni boj joriy qilish uchun qo‘llab, o‘z vakolatlarini oshirib yuborgan.

Shundan so‘ng Tramp barcha bojlar «o‘z kuchida qolishi»ni aytdi. Bundan tashqari, u amaldagi bojlarga qo‘shimcha ravishda 10 foizlik global boj joriy etish bo‘yicha farmon imzolanishini ham e’lon qildi.

Respublikachining fikricha, sud qaror qabul qilayotganda chet el ta’siri ostida bo‘lgan. «Mening fikrimcha, sud chet el manfaatlari va odamlar o‘ylaganidan ancha kichik bo‘lgan siyosiy harakat ta’sirida qolgan. Bu kichik harakat», — dedi u.

Bundan oldin CNN xabar berishicha, respublikachi gubernator bilan nonushta paytida sud qarorini «sharmandali holat» deb atagan va uning zaxira rejasi borligini aytgan.