Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurashish, sohada turli byurokratik to‘siqlarga barham berishda keng jamoatchilikning ko‘magi va ishtiroki muhim ekanini ta’kidlab, aholini bu borada faol bo‘lishga chaqirdi.

«Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi xavfli illat bo‘lib, uning salbiy oqibatlari barchamizga ayon.

Shu bois, yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimida bu muammoga qarshi keskin va murosasiz kurashish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni erta aniqlash hamda ularga yo‘l qo‘ymaslik, turli byurokratik to‘siqlarga barham berish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Albatta, ushbu mas’uliyatli jarayonda barcha sa’y-harakatlarimizni birlashtirmay turib, ko‘zlangan maqsadga erishish imkonsiz. Shu sababdan bu o‘tkir muammoning oqibatlarini chuqur anglagan holda, sohada korrupsiyaga barham berish va muammolarimizni yelkama-yelka turib, samarali hal etish maqsadida Sizlarga murojaat qilmoqdaman!

Prezidentimiz 2025 yil 26 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida korrupsiya jamiyatda ishonch muhitini izdan chiqaradigan jiddiy tahdid ekanini ta’kidlab, 2026 yil unga qarshi kurashishda “favqulodda holat” e’lon qilinishini ma’lum qilgan edi.

Shundan kelib chiqib, tibbiyot tizimida bu yo‘nalishda zamonaviy mexanizmlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratyapmiz.

Masalan, sohada budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi hamda korrupsiyaviy risklarni erta aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadida yangi tizim — “Situatsion markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada o‘tgan davrda 247 mlrd. so‘mlik budjet mablag‘lari tejab qolindi hamda 9,7 mlrd. so‘m ortiqcha rejalashtirishning oldi olindi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga doir 1280 ta risk aniqlanib, bartaraf etildi.

Vazirlik qoshida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlari bo‘yicha tezkor xabar berish bo‘yicha yagona “1203” qisqa raqamli “Call-markaz” 24/7 rejimda ishga tushirildi.

Sog‘liqni saqlash tuzilmalari va ularning xodimlari tomonidan qonunchilikka rioya qilinishi, soha mutaxassislarining aholi bilan muomala qilish etiketi darajasini baholash maqsadida ilk bor “Sirli mijoz” instituti joriy qilindi.

Shuningdek, Toshkent davlat tibbiyot universiteti va boshqa ta’lim muassasalarida “Tibbiyotda korrupsiyaning oldini olish” nomli maxsus fan joriy qilinib, bu bo‘yicha 2 700 nafar bakalavr, 870 nafar magistr, 1856 nafar shifokor hamda 13 804 nafar o‘rta tibbiyot xodimi o‘qitildi.