Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida Maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Bu bo‘yicha jamg‘arma faoliyatini tartibga soluvchi nizom loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, jamg‘arma maxsus iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, modernizatsiya qilish, boshqaruvni takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyatini oshirish hamda investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida moliyaviy resurslarni jamlash va samarali taqsimlashga xizmat qiladi.
Jamg‘arma mablag‘lari yer maydonlarini ijaraga berish va onlayn-auksion savdolaridan tushumlar, xizmatlardan olinadigan daromadlar, bank depozitlari va davlat qimmatli qog‘ozlaridan foyda, xalqaro moliya tashkilotlari grantlari, homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirilishi nazarda tutilgan.
Ushbu mablag‘lar MIZ bosh rejalarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini qurish va modernizatsiya qilish, axborot tizimlarini joriy etish, direksiyalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, investitsiyaviy tadbirlarni tashkil etish kabi yo‘nalishlarga sarflanadi.
Nizom loyihasida strategik investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, moliyaviy nazoratni kuchaytirish va jamg‘arma faoliyati bo‘yicha ochiq hisobot e’lon qilib borish tartiblari ham belgilanmoqda.
Shuningdek, 2026 yildan boshlab yer ajratilganiga qaramasdan belgilangan muddatda qurilish ishlarini boshlamagan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari uchun yer ijarasi qiymatini oshirish va zarur hollarda faoliyat huquqini bekor qilish choralari qo‘llanishi mumkin.
Hujjatda jamg‘arma faoliyatida shaffoflik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini ta’minlash hamda mablag‘lardan maqsadsiz foydalanganlik uchun javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
18:39 / 24.02.2026
«Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash» jamg‘armasi tashkil qilinadi
09:25 / 18.02.2026
O‘zbekistonda iqtisodiy zonalar va klasterlar soni ma’lum qilindi
21:46 / 31.12.2025
Ijtimoiy soha muassasalarini qurish va ta’mirlash jamg‘armasi tashkil etiladi
08:36 / 27.12.2025