Jahon | 17:49
1646
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh rossiyalik hakerlar bilan aloqasi uchun O‘zbekiston fuqarosiga sanksiyalar joriy qildi

1987 yilda tug‘ilgan va O‘zbekiston fuqaroligiga ega Azizjon Mamashoyev rossiyalik hakerlar bilan aloqadorlikda va kiberxavfsizlik sohasidagi jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

Foto: iStock

AQSh Moliya vazirligi huzuridagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) O‘zbekiston fuqarosi Mamashoyev Azizjon Mahmudovichga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, u rossiyalik hakerlar bilan aloqador va kiberxavfsizlik sohasidagi jinoyatlarda gumon qilinmoqda. Sanksiyalar ro‘yxatini yangilash to‘g‘risidagi press-reliz OFAC saytida joylashtirilgan.

Amerika rasmiylari uning shaxsiy ma’lumotlarini, jumladan, pasport ma’lumotlarini taqdim etdi. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Mamashoyev 1987 yilda tug‘ilgan va O‘zbekiston fuqaroligiga ega.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan o‘zbekistonlik bilan affillangan Advance Security Solutions (Advanced Security Solutions) kompaniyasi SDN-ro‘yxatiga kiritilgan. OFAC saytida ta’kidlanganidek, korxona 2025 yilda Dubayda (BAA) ro‘yxatdan o‘tgan. Bundan tashqari, yuridik shaxs manzillari ro‘yxatida Toshkent shahri ham ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, kompaniya hujumkor kiberxavfsizlik sohasida faoliyat yuritadi. Xususan, u AQShda ishlab chiqilgan dasturiy ta’minotning zaifligi haqidagi ma’lumotlar uchun mukofot taklif qiluvchi eksploytlar (kompyuter tizimlarini buzish vositalari) brokeri sifatida ishlaydi.

O‘zbekistonlik bilan bir qatorda rossiyaliklar - Oleg Kucherov, Marina Vasanovich va Sergey Zelenyuk ham sanksiyalar ostida qoldi. Ikkinchisi AQSh davlat organlari va tibbiyot muassasalariga zararli dasturlardan foydalangan holda kiberhujumlar uyushtirganlikda gumon qilinmoqda. Hujjatda aytilishicha, bu odamlarning barchasi, shu jumladan Mamashoyev ham Zelenyuk va uning tashkilotiga moddiy yoki texnik yordam ko‘rsatgan.

SDN-ro‘yxati AQSh Moliya vazirligining asosiy «qora ro‘yxati» hisoblanadi. Unga qat’iy cheklovlar joriy qilingan kompaniyalar va jismoniy shaxslar kiritiladi. Shu bilan birga, sanksiyalar ostidagi sub’yektlarning aktivlari muzlatiladi, AQSh fuqarolari va korxonalariga esa ushbu ro‘yxatdagi shaxslar bilan har qanday ishlarni olib borish taqiqlanadi.

2025 yil noyabrda OFAC O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Datavice kompaniyasini Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan edi. Amerikaliklarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu korxona Rossiya infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash yoki kiberjinoyatchilik bilan bog‘liq faoliyatga aloqador bo‘lishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid