Jahon | 14:07
907
3 daqiqa o‘qiladi

GFR TIV rahbari: RF aktivlarini musodara qilish mavzusi kun tartibidan olindi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Vadefulning aytishicha, muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish imkoniyati masalasi butunlay hal qilingan. U Ukrainaga yordamning boshqa yo‘li - foizsiz kredit topilganini eslatdi.

Foto: Dursun Aydemir/Anadolu

Vengriya Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdoridagi foizsiz kredit ajratilishiga veto qo‘yganiga qaramay, Yevropa Ittifoqi Kiyevni qo‘llab-quvvatlashning muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish bilan bog‘liq boshqa variantini qayta muhokama qilishga qaytmaydi. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Belgiya tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo bilan birgalikdagi matbuot anjumanida chorshanba, 25 fevral kuni Berlinda ma’lum qildi.

“Bu masala batamom hal qilingan”, — dedi u Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan mablag‘larini topshirish haqidagi bahslarni qayta boshlash ehtimolini rad etib. Vadeful Yevropa Ittifoqi “juda yaxshi zaxira vositani” — 90 mlrd yevrolik kreditni topganini eslatdi. U ushbu tashabbusni to‘sib qo‘yayotgan Vengriya pozitsiyasini tanqid qildi.

Nemis vaziri Vengriya hokimiyatining harakatlaridan hayratda ekanini bildirib, “Drujba” neft quvuri orqali yetkazib berish to‘xtashi bilan Budapeshtning Ukrainaga Yevropa krediti ajratilishini bloklashi o‘rtasida bog‘liqlik borligini inkor qildi. Vengriya “o‘zining erkinlik uchun kurashiga xiyonat qilmoqda”, — deya ta’kidladi Vadeful.

Bundan bir kun oldin Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen YeI Ukrainaga va’da qilingan qo‘llab-quvvatlovni taqdim etish imkoniyatini albatta topishiga ishonch bildirgan. “Kredit Yevropa kengashida davlat va hukumat rahbarlarining 27 nafari tomonidan kelishilgan. Ular so‘z bergan. Bu so‘z buzilishi mumkin emas”, — dedi fon der Lyayyen Kiyevda, shuningdek, YeIda ishga solish mumkin bo‘lgan “turli variantlar” borligini qo‘shimcha qildi.

Yevropa komissiyasi 2026–2027 yillarda Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdorida foizsiz kredit berish bo‘yicha qonunchilik chora-tadbirlari loyihasini taqdim etdi. Idora taklifiga ko‘ra, bu summaning uchdan bir qismi Kiyev budjetiga qo‘llab-quvvatlov sifatida yo‘naltiriladi, qolgan 60 mlrd yevro esa harbiy yordam uchun ajratiladi. Bu haqda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen 14 yanvar kuni Bryusseldagi matbuot anjumanida aytgan. Yevropa parlamenti Ukrainaga moliyaviy yordam paketini 11 fevral kuni ma’qullagan.

Kredit ajratish haqidagi qaror YeI sammitida 2025 yil dekabr o‘rtalarida qabul qilingan. Ukraina bu kreditni faqat Rossiya Kiyevga urush tufayli yetkazilgan zarar uchun tovon to‘laganidan keyin qaytarishi kerak bo‘ladi. Agar Moskva zararni qoplashdan bosh torsa, YeI Ukraina qarzini qoplash uchun muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanadi.

Shu bilan birga, sammitda to‘liq ko‘lamli bosqindan to‘rt yildan beri himoyalanib kelayotgan Ukrainaga yordam berishning ikki varianti ko‘rib chiqilgan edi. Ularning biri muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanishni nazarda tutardi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid