O‘zbekiston | 09:42
1209
2 daqiqa o‘qiladi

2–6 mart: tog‘li hududlarda sel-suv toshqin xavfi e’lon qilindi

2–6 mart kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sababli O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Aholi, dam oluvchilar va haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘raldi.

Foto: Kun.uz

Tezkor gidrometeorologik axborotga ko‘ra, joriy yilning 2–6 mart kunlari kutilgan yog‘ingarchiliklar tufayli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida, ayrim joylarda esa yomg‘ir suvlarining to‘planishi oqibatida suv bosish holatlari kuzatilishi ehtimoli bor.

Ogohlantirishga ko‘ra, sel-suv toshqin xavfi quyidagi hududlarda yuzaga kelishi mumkin:

  • Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlari;
  • Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot tumanlari;
  • Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlari;
  • Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlari;
  • Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlari;
  • Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlari, shuningdek Angren va Olmaliq shaharlari;
  • Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlari;
  • Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlari;
  • Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonabod shahri.

Mutasaddilar tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlarining to‘planishi past joylar va infratuzilma uchastkalarini suv bosishiga olib kelishi mumkinligi qayd etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid