AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika harbiylari Eronga qarshi «katta jangovar operatsiyalar»ni boshlaganini e’lon qildi. U Truth Socialʼda 8 daqiqalik videomurojaatini joylashtirdi.
AQSh Eronga qarshi katta harbiy amaliyot boshladi. Bizning maqsadimiz – AQSh va butun dunyoga Erondagi rejim tomonidan bo‘layotgan tahdidlarni bartaraf etishdir.
47 yil mobaynida Eron rejimi «Amerikaga o‘lim!» deya hayqirdi. Uning tarixi [1979 yilda] Tehrondagi AQSh elchixonasida o‘nlab amerikaliklarni garovga olishdan boshlangandi. Bu rejim 1983 yilda Bayrutda Amerika tinchlikparvar kuchlariga qarshi terakt uchun, 2000 yilda «Koul» esminetsi bortida ro‘y bergan bergan portlash uchun, 2023 yil 7 oktyabrida Hamasning Isroilga hujumi uchun va boshqa ko‘plab yovuzliklar uchun mas’uldir. Biz bunga ortiq toqat qilmoqchi emasmiz.
Bu rejim yadro qurolini qo‘lga kiritmasligi kerak. Shuning uchun o‘tgan yili biz uning yadroviy obektlarini bombalagandik. Biz ular bilan kelishishga ko‘p bor urindik. Ammo ular o‘z yadro dasturini rivojlantirishda va allaqachon Yevropagacha yetib boradigan, keyinroq AQShga ham yetib borishi mumkin bo‘lgan raketalarini ishlab chiqarishda davom etishdi. Biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz.
Biz ularning raketa dasturini yo‘q qilamiz. Biz ularning flotini yo‘q qilamiz. Biz Eron proksi kuchlari tomonidan yangi teraktlar uyushtirilishiga yo‘l qo‘ymaymiz.
Biz yo‘qotishlarga uchrashimiz mumkin. Ammo biz buni kelajak uchun qilyapmiz.
Islom inqilobi muhofizlari korpusi a’zolari, Eron armiyasi va politsiyachilar: qurollarni tashlang va amnistiyaga ega bo‘ling, aks holda sizni muqarrar o‘lim kutadi.
Eron xalqiga: siz erkin bo‘ladigan vaqt keldi. Boshpanalarda qoling. Biz tugatganimizda esa hokimiyatni o‘z qo‘lingizga oling.
Tehronda portlashlar
Eron davlat ommaviy axborot vositalari Tehron markazida uchta portlash ovozi eshitilgani va qalin tutun ko‘tarilganini xabar qildi. Eron poytaxtining sharqiy va g‘arbiy qismlaridagi ayrim hududlarda mobil aloqa liniyalari o‘chirilgan, internet ulanishi esa kuchsizlashgan va beqaror ishlayapti.
Fars agentligi Eronning Isfahon, Qum, Karaj va Kermanshoh shaharlarida ham portlashlar bo‘lganini xabar qilmoqda.

















