Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Umra safarlari vaqtincha kechiktirildi
Foto: Kun.uz
Yaqin Sharqda havo hududi yopilgani sababli O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan umra safarlari vaqtincha kechiktirildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan vaziyatning keskinlashuvi hamda havo makonidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli qator aviaqatnovlar bekor qilinmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan fuqarolarga ushbu hududdagi davlatlarga safar uyushtirmaslik, ayni paytda, o‘sha yerlarda bo‘lib turgan vatandoshlarimizga esa ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirish yuzasidan zarur tavsiyalar berilmoqda.
Mazkur vaziyatni inobatga olgan holda, fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi.
Jumladan, 2026 yil 2 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan rejalashtirilgan Toshkent–Jidda yo‘nalishidagi navbatdagi umra ziyoratchilari reysi ham ma’lum muddatga qoldirilishini ma’lum qilamiz», deyiladi qo‘mita xabarida.
Aviaqatnovlar qayta tiklanishi haqida rasmiy manbalar orqali qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilingan.
Bundan tashqari, havo hududi yopilgani sabab 48 nafar o‘zbekistonlik Doha aeroportida qolib ketgan. Bu haqda O‘zbekistonning Doha shahridagi elchixonasi ma’lumotlariga tayanib, «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Dohada aviakompaniyalar favqulodda vaziyat sabab yo‘lovchilarni mehmonxona bilan ta’minlay olmay qolgan. Shunday sharoitda O‘zbekistonning Dohadagi elchixonasi xodimlari zudlik bilan aeroportga yetib borgan. Muzokaralar o‘tkazilib, fuqarolar vaqtinchalik mehmonxonalarga joylashtirilgan.
«Qatar havo hududi ochilib, parvozlar tiklanishi bilan fuqarolarimizning vatanga xavfsiz qaytishi ta’minlanadi. Vaziyat elchixonaning doimiy nazoratida bo‘lib, yo‘lovchilar ro‘yxati muntazam yangilab borilmoqda. Diplomatik vakolatxona yurtdoshlarimizni vahimaga tushmaslikka, faqat rasmiy manbalarga tayanishga hamda xavfsizlik yuzasidan odamlar gavjum joylardan saqlanib, mahalliy qonun-qoidalarga amal qilishga chaqiradi», deya ma’lum qilgan elchixona.
Qo‘shimcha qilinishicha, Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar munosabati bilan Qatarda bo‘lib turgan 600 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi orasida jabrlanganlar aniqlanmagan.