Qatar va BAAda vaziyat nisbatan tinchigan. Bu mamlakatlardagi o‘zbeklar mahalliy mudofaa tizimi Eron raketalarini qaytarayotgani, aholi yashash punktlari zararlanmaganini aytmoqda. Shu bilan birga, qisqa muddatli sayohatga borganlar reyslar bekor qilingani sabab ko‘chada qolishdan xavotirda.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan urushi butun Yaqin Sharqni qamrab olmoqda. Eronning qarshi hujumlari esa nafaqat Isroilni, balki arab davlatlaridagi AQSh harbiy bazalarini ham nishonga olgan. Dunyoda xavfsiz turizm va tinchlik ramzi bo‘lib kelgan Qatar, BAA kabi davlatlar ham bugun raketa va dronlar hujumi ostida qolmoqda. Fors ko‘rfazining yopilgan osmoni esa mintaqa bilan aviaqatnovlarni deyarli butunlay to‘xtatib qo‘ydi.

Xo‘sh, arab davlatlaridagi o‘zbek vatandoshlarning ahvoli qanday? Yurtdoshlarimiz hujumlardan qanday saqlanmoqda va O‘zbekistonga xavfsiz qayta oladimi? Kun.uz — Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Isroildagi o‘zbeklar bilan suhbatlashdi. 

“Hech narsa bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi” – Qatar

Qatarda vaziyat biroz boshqacharoq. Ayni vaqt shu yerda yashab, ishlab kelayotgan vatandoshlarimiz mudofaa tizimi yaxshi ishlayotgani, uchib kelayotgan har bir raketa yerga qo‘nishidan avval havoda yo‘q qilinayotganini aytmoqda.

Ammo ular vaziyat jiddiylashib ketishidan xavotirda. Xususan, Dohada 8 oydan beri mehmonxona xizmatida ishlab kelayotgan Ahrorbek Ne’matjonov vatanga qaytmoqchi ekanini bildirdi.

“Hozir bu davlatda hech kimga zarari ko‘rinmadi. Shunchaki, men o‘zimni bu yerda xavfsiz his qilmayapman, shuning uchun O‘zbekistonga qaytib ketmoqchiman. Hech narsa bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Hujum bo‘layotgani, osmonda portlayotganini ko‘zimiz bilan ko‘rdik.

Hozircha bular O‘zbekistonga qaytib ketishimiz haqida hech narsa demadi, lekin biz mehmonxonada ishlayapmiz. Bu yerda ehtiyot choralar ko‘rilgan. Favqulodda vaziyat uchun “podval”dan joy qilib, suvlar, stollarni, har xil dori-vositalarni qo‘yib, tayyorlab qo‘yishgan.

Lekin yotoqxonamizda unaqa narsa bo‘lmadi hali. Bu yerdan O‘zbekiston elchixonasida ishlaydigan tanishlarim bor edi, ularga ham iloji boricha aloqaga chiqishga harakat qilyapman. Ularga aloqaga chiqishim bilanoq vaziyat qanaqaligini bilamiz. Agar O‘zbekistondan samolyot jo‘natib, evakuatsiya qiladigan bo‘lsa, unda yaxshi bo‘lardi”