Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pentagon: Eron floti “jangga yaroqsiz” - asosiy kema cho‘ktirildi
Eron harbiy-dengiz kuchlariga qarashli kema Amerika suvosti kemasidan otilgan torpeda bilan cho‘ktirilgan, dedi AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset. Bundan oldin Shri-Lanka yaqinida Eronning IRIS Dena fregati halokatga uchragani ma’lum bo‘lgan edi.
Foto: AP
Eronning IRIS Dena fregati, 4 mart, chorshanba kuni Shri-Lanka sohillari yaqinida cho‘kib ketdi, u Amerika suvosti kemasi tomonidan hujumga uchragan. Bu AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetning Pentagondagi brifing chog‘idagi bayonotida aytildi. “Amerika suvosti kemasi xalqaro suvlarda o‘zini xavfsiz deb hisoblagan Eron harbiy kemasini cho‘ktirdi”, — dedi AQSh Mudofaa vazirligi rahbari. Ushbu idora prezident Donald Tramp farmoni bilan “urush vazirligi” deb qayta nomlangani ham qayd etildi.
Hegset gap qaysi kema haqida ketayotganini aniq aytmadi. Biroq bir necha soat oldin Eronning IRIS Dena fregati Shri-Lankaning hududiy suvlari yaqinida halokatga uchragani ma’lum bo‘lgan edi. O‘sha paytda Reuters agentligi manbalarga tayanib, kema suvosti kemasi tomonidan hujumga uchraganini xabar qilgan.
Pentagon rahbari qo‘shimcha qilib, Amerika harbiylari hujumlaridan keyin Eron floti “jang qobiliyatiga ega emas — yo‘q qilingan, parokanda bo‘lgan, tor-mor etilgan” dedi. Uning aytishicha, zarbalar Eronning eng qimmat harbiy kemalaridan biri — “Sulaymoniy” sinfiga mansub raketa katamarani-korvetiga ham berilgan. Bu klass eronlik sobiq general Qosim Sulaymoniy sharafiga shunday nomlangan; u Donald Trampning birinchi prezidentlik muddatida AQSh harbiylari tomonidan o‘ldirilgan edi. “Menimcha, AQSh prezidenti uni ikki marta o‘ldirdi”, — dedi Hegset.
Shri-Lanka harbiy-dengiz kuchlari chorshanba kuni keyinroq ma’lum qilishicha, cho‘kkan IRIS Dena kemasidan halok bo‘lganlarning 87 ta jasadi olib chiqilgan, yana 32 kishi qutqarib qolingan. Avvalroq Shri-Lanka tashqi ishlar vaziri Vijita Xerat parlamentda IRIS Dena bortida 180 kishi bo‘lganini aytgan edi. Shundan so‘ng orol davlati qutqaruv operatsiyasi uchun kemalar va HHK samolyotlarini yo‘llagan.
Hodisa AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi beshinchi kunida sodir bo‘ldi. Ikki mamlakat 28 fevral kuni ertalab Eron hududiga zarba berishni boshlagan. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyati borligini bildirgan va Eron armiyasini qurol tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olishga” chaqirgan.
Eron davlat OAV 3 mart kuni Eron Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, zarbalar natijasida mamlakatda kamida 787 kishi halok bo‘lgan. Eron oliy rahbari Ali Xominaiy va bir qator yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari halok bo‘lgani ham tasdiqlangan. Eron javoban Isroilga va Fors ko‘rfazining bir qator davlatlariga zarba bergan, u yerlarda ham halok bo‘lganlar bor. Tehron arab davlatlari bilan urishmayotganini, balki mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga zarba berayotganini ta’kidlamoqda.