Fransiya Rossiya fuqarosi Aleksey Moskalyov va uning qizi Mariyaga humanitar himoya taqdim etdi. Ular urushga qarshi pozitsiyasi sabab ta’qiblarga uchragandan keyin mamlakatni tark etgan edi. Bu haqda 11 mart, chorshanba kuni kechqurun “Novaya gazeta Yevropa” xabar qildi.

Nashr ota va qiz Moskalyovlarning, ehtimol, Parij aeroportida tushirilgan suratini e’lon qildi. Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, bir kun oldin Fransiya Moskalyovlarga humanitar vizalar va xorijga chiqish pasportisiz mamlakatga kirish imkonini beruvchi hujjatni rasmiylashtirib bergan.

Gazeta yozishicha, bu boradagi tegishli so‘rov avvalroq Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga inTransit huquqni himoya qilish tashkiloti tomonidan yuborilgan. Bundan oldin Moskalyovlar Germaniyadan humanitar viza olishga uringan, ammo “hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni bir yildan ortiqqa cho‘zilgan”. Germaniyada rossiyaliklar va belaruslarga humanitar vizalar berish amalda to‘xtatilgan.

Moskalyovlar ishi yana shu bilan murakkablashgan ediki, ularda biometrik pasportlar yo‘q edi, 2026 yil 1 yanvardan esa Rossiyaning besh yillik pasportlari Yevropa Ittifoqining qator mamlakatlarida tan olinmay qo‘ygan. Biroq fevral oyida Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ota va qizning humanitar himoya so‘rovini ma’qullagan.

Aleksey va Mariya Moskalyovlarning Rossiyada ta’qib qilinishi 2022 yil aprelida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan ko‘p o‘tmay boshlangan. Tula viloyatidagi maktabda 13 yoshli qizga tasviriy san’at darsida Rossiya qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlovchi rasm chizish topshirig‘i berilgan. Ammo Masha buning o‘rniga bolani raketalardan to‘sib turgan ayolni, shuningdek, Rossiya va Ukraina bayroqlarini tasvirlagan; birinchisiga “Urushga yo‘q”, ikkinchisiga esa “Ukrainaga shon-sharaf” deb yozgan.

Maktab direktori politsiyani chaqirgan, qiz va uning otasiga tahdid qila boshlashgan, Masha oldiga esa maktabga FXX xodimlari “suhbatlashish” uchun kelgan. Alekseyga nisbatan uning ijtimoiy tarmoqlardagi urushga qarshi izohlariga tayanib, Rossiya qurolli kuchlarini “obro‘sizlantirish” haqidagi modda bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Keyinroq unga armiyani takroran “obro‘sizlantirish” haqida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ikki yilga koloniyaga hukm qilingan. Qiz esa bu vaqtda boshpanaga joylashtirilgan, so‘ngra urushni qo‘llab-quvvatlagan onasi vasiyligiga topshirilgan.

Masha butun sud jarayoni davomida va otasi koloniyada bo‘lgan paytda uni ochiqcha qo‘llab-quvvatlab kelgan. Aleksey ozodlikka chiqqanidan keyin, 2024 yil oktyabrida u qizi bilan birga Rossiyani tark etgan.