O‘zbekiston | 09:08
1489
2 daqiqa o‘qiladi

Lahor–Toshkent yo‘nalishidagi ilk yuk reysi 17 tonna go‘sht olib keldi

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida oziq-ovqat sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. 12 mart kuni ikki davlat o‘rtasidagi ilk charter yuk reysi amalga oshirilib, Lahordan Toshkentga oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, 17 tonna go‘sht yetkazib berildi.

Foto: Uzbekistan Airports

Ma’lum qilinishicha, mahalliy vaqt bilan soat 21:10 da Lahor shahridan uchib kelgan Boeing 737 havo kemasi «Toshkent» xalqaro aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ngan. Mazkur reys O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish sohasidagi amaliy hamkorlikning ilk natijasi sifatida baholanmoqda.

Tomonlar ushbu loyiha doirasida kelgusida yuk tashish hajmini bosqichma-bosqich kengaytirishni rejalashtirgan. Istiqbolda bitta reys orqali tashiladigan yuk hajmini 100 tonnagacha yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va logistika imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu ilk yuk reysi kelgusida yuqori sig‘imdagi yuk parvozlarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan Air Speed Charter aviakompaniyasi tashabbusi bilan Pokistonning Air Eagle aviakompaniyasi tomonidan bajarilgan.

Mazkur reys nafaqat oziq-ovqat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, balki O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirishda ham muhim qadam bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid