Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari. Oxirgi yillarda dinamika qanday o‘zgardi?
2025 yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalarining kirib kelishi 4,1 mlrd dollarga yoki 27,7 foizga oshib, qariyb 19 mlrd dollarga yetdi. So‘nggi 3 yilda transfertlar Qozog‘istondan 24,5 foizga, AQShdan 50 foizga, Janubiy Koreyadan 2,1 barobarga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 2,4 barobarga, Turkiyadan 2,5 barobarga oshgan.
Foto: Reuters
2025 yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalarining kirib kelishi 18,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu 2024 yilga nisbatan 4,1 mlrd dollarga yoki 27,7 foizga ko‘p.
«2025 yilda O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishiga, mehnat muhojirlari ishlaydigan mamlakatlarda ishchi kuchiga talab va ish haqlarining nisbatan barqaror darajada saqlanib qolishi bilan bir qatorda ulardagi iqtisodiy faollikning oshishi hamda milliy valuta kurslari mustahkamlanishi ham ta’sir qildi», deyiladi MB xabarida.
O‘tgan yilda transfertlar hajmi Buyuk Britaniyadan 39 foizga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 37 foizga (Irlandiya 2,6 barobar, Xorvatiya 2,5 barobar, Slovakiya 67 foiz, Litva 57 foiz, Niderlandiya 49 foiz, Polsha 9 foiz), AQShdan 15 foizga hamda Janubiy Koreyadan 15 foizga ko‘paygan. Bu esa migratsiya geografiyasi kengayayotganini ko‘rsatadi.

O‘tgan yilda ham O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalarining asosiy qismi Rossiyadan kelib tushgan. Ushbu mamlakatning umumiy transfertlardagi ulushi 80 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Markaziy bank aniq raqamlarni ochiqlamagan. O‘z navbatida, 2022-2025 yillar oralig‘ida transfertlar Qozog‘istondan 24,5 foizga, AQShdan 50 foizga, Janubiy Koreyadan 2,1 barobarga, Turkiyadan 2,5 barobarga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 2,4 barobarga ko‘paygan.
2017-2025 yillar oralig‘ida O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari dinamikasining o‘zgarishi

2020-2025 yillar oralig‘ida mamlakatga yuborilgan o‘tkazmalar miqdori 3 barobarga, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 8,6 foizdan 12,8 foizgacha ko‘paydi.
Ish haqi differensiatsiyasi
Migratsiya qarorlarining asosiy iqtisodiy drayverlaridan biri qabul qiluvchi va yuboruvchi mamlakatlar o‘rtasidagi ish haqi farqidir. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, eng yuqori o‘rtacha ish haqi darajalari Yevropa (Shveytsariya, Germaniya, Niderlandiya), Shimoliy Amerika (Kanada va AQSh), shuningdek, Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda qayd etilgan.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, mehnat muhojirlari odatda, oylik o‘rtacha 200-300 AQSh dollari miqdorida pul o‘tkazib turadi. Shuningdek, Oksford universiteti qoshidagi Migration Observatory ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada yashovchi migrantlar tomonidan yil davomida yuboriladigan o‘rtacha pul o‘tkazmalari bir kishi hisobida taxminan 1 000-3 300 funt sterling (qariyb 4 ming AQSh dollari)ni tashkil etgan. O‘tkazmalar summasi oyiga taxminan 275 funt sterlingga to‘g‘ri keladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda an’anaviy va bank o‘tkazmalari kesimida bir qabul qiluvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yillik o‘tkazma summasi 2-4 ming dollar ekvivalentini tashkil etadi

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda dunyo bo‘yicha xalqaro migrantlarning katta qismi yuqori daromadli mamlakatlarda jamlangan. Eng yirik migrant qabul qiluvchi davlatlar AQSh (52 million kishidan ziyod), Germaniya (16,8 million), Saudiya Arabistoni (13,7 million), Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Kanada, BAA va Avstraliya (har biri 8-12 million atrofida) xalqaro migrantni qabul qilmoqda. Yuboruvchi mamlakatlar orasida aholisi ko‘p va ish haqi nisbatan past bo‘lgan davlatlar yetakchilik qiladi. Jumladan, Hindiston, Meksika, Filippin, Pokiston va Bangladesh kabi mamlakatlar global mehnat bozorida asosiy donorlar sifatida shakllangan.
Mavzuga oid
13:11 / 27.12.2025
O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari III chorakda 18,5 foizga o‘sdi
16:19 / 13.12.2025
Xorijdan pul o‘tkazmalari 11 oyda 17,3 mlrd dollarga yetdi
19:39 / 18.11.2025
Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar 10 oyda 15,8 mlrd dollar pul yubordi
20:16 / 22.10.2025