Jahon | 13:21 / 17.03.2026
1995
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Buchadagi qotilliklar uchun mas’ul shaxslarga qarshi sanksiyalar joriy qildi

Yangi cheklov choralari ostiga, YeI ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Buchada sodir etilgan qotilliklarga aloqador bo‘lgan to‘qqiz nafar Rossiya harbiysi tushdi. Shuningdek, Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan to‘rt nafar jurnalist va blogerga qarshi ham sanksiyalar joriy etildi.

Foto: AFP

Yevropa Ittifoqi 2022 yilda Ukraina Kiyev viloyatidagi Bucha shahrining Rossiya tomonidan bosib olinishi paytida sodir etilgan harbiy jinoyatlarda ayblanayotgan to‘qqiz nafar shaxsga, shuningdek Rossiyaning gibrid faoliyatiga aloqador bo‘lgan to‘rt nafar shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda YeI Kengashi 16 mart, dushanba kuni xabar qildi.

Yevropa sanksiyalari ostiga, jumladan, Rossiya Sharqiy harbiy okrugining sobiq qo‘mondoni, general-polkovnik Aleksandr Chayko ham tushdi. YeI Kengashi press-relizida aytilishicha, u 2022 yilda Rossiya qo‘shinlari Buchaga kirgan paytda Ukraina hududidagi «eng yuqori lavozimli rossiyalik harbiy» bo‘lgan.

Yangi ro‘yxatga, shuningdek, «tajovuzning dastlabki kunlarida Ukrainada Rossiya qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan va Bucha hamda qo‘shni Xostomel, Irpen va Borodyanka kabi hududlar aholisiga qarshi shafqatsizliklar sodir etgan» boshqa yuqori lavozimli Rossiya harbiylari ham kiritildi. Ular orasida polkovnik Andrey Kondrov, polkovnik Artyom Gorodilov, general-mayor Sergey Chubarikin va boshqalar bor.

Qayd etilishicha, ularning barchasi «yuzlab tinch aholi o‘ldirilgan, ayrim holatlarda esa shafqatsiz qatllar amalga oshirilgan bir paytda o‘z bo‘linmalariga rahbarlik qilgan». Ularga bo‘ysunuvchi qo‘shinlar «shuningdek talon-toroj, qiynoqlar va tinch aholini halok bo‘lgan rossiyalik askarlar jasadlarini yig‘ishga majburlash» holatlarida ham ishtirok etgan.

Shu bilan bir vaqtda, Yevropa Ittifoqi YeI Kengashi fikricha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini oqlashga qaratilgan targ‘ibot va dezinformatsiyani tarqatishda ishtirok etayotgan to‘rt nafar shaxsga nisbatan ham cheklov choralarini joriy qildi.

Gap «Rossiya-1» telekanali boshlovchisi Ernest Matskyavichyus, bloger va radio boshlovchisi Sergey Klyuchenkov (Sergey Mardan taxallusi bilan chiqish qiladi), shuningdek Rossiya bosqinini qo‘llab-quvvatlayotgan Britaniya fuqarosi Grem Fillips va Rossiya fuqaroligini olgan sobiq fransuz harbiysi Adrian Boke haqida ketmoqda.

YeI Kengashi press-relizida ko‘rsatilishicha, ushbu to‘rt nafar targ‘ibotchi «Rossiyaning davom etayotgan gibrid faoliyati, xususan, xorijda axborotni manipulyatsiya qilish va YeI, uning a’zo davlatlari hamda hamkorlarining ishlariga aralashish» uchun mas’ul hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid