Jahon | 09:37
1615
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya KXDRdan 14,4 mlrd dollarlik harbiy yordam oldi

Janubiy Koreya tahlilchilari Ukrainadagi ikki yillik urush davomida Shimoliy Koreyaning Rossiyaga yetkazib bergan yordami qiymatini hisoblab chiqdi. Moskva Pxenyanga asosan harbiy texnologiyalar bilan haq to‘lamoqda.

Foto: AP

Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib, qo‘shin ham yuborgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 7,67 milliard dollardan 14,4 milliard dollargacha deb baholanmoqda. Bu haqda 18 mart, chorshanba kuni Bloomberg agentligi Janubiy Koreya Milliy xavfsizlik strategiyasi institutining yangi hisobotiga tayanib xabar qildi. Hisob-kitoblar 2023 yil avgustidan 2025 yil dekabrigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Mualliflar baholardagi katta farqni tashilgan o‘q-dorilar tarkibi va hajmi haqidagi ma’lumotlar cheklangani bilan izohlaydi.

Rossiya Pxenyan bilan hisob-kitobni asosan harbiy texnologiyalar va yuqori aniqlikdagi butlovchi qismlarni topshirish orqali amalga oshirmoqda, bunday yuklarni sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatish qiyin. Ular ulushi umumiy kompensatsiyaning 80 foizidan 96 foizigacha qismini tashkil qiladi. Hozirgi baholash davlatga qarashli Koreya mudofaa tahlillari institutining avvalgi tadqiqotiga nisbatan pastroq. O‘sha tadqiqot KXDRning Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish orqali olgan daromadini 2023 yil iyulidan 2025 yil martigacha bo‘lgan davr uchun 20 milliard dollar deb baholagan edi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka Rossiya va KXDR rahbarlari Vladimir Putin hamda Kim Chen In tomonidan 2024 yilda, Rossiya prezidentining 24 yil ichidagi Shimoliy Koreyaga ilk tashrifi chog‘ida imzolangan kelishuv asos bo‘ldi. Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaga ko‘ra, tomonlardan har biri qurolli hujum yuz bergan taqdirda boshqa tomonga “qo‘lidagi barcha vositalar bilan” harbiy yordam ko‘rsatishi shart. Qo‘shin yuborish uchun rasmiy vaj sifatida Ukraina qurolli kuchlari askarlarining Kursk viloyatiga kirishi ko‘rsatilgan.

Shimoliy Koreya maxsus kuchlarining 1500 nafardan iborat birinchi guruhi 2024 yil 8 oktyabrdan 13 oktyabrgacha Rossiya Tinch okeani flotiga qarashli to‘rtta desant kemasi va uchta fregat orqali Vladivostokka olib kelingan. Hisobot muallifi Lim Su Xoning bahosiga ko‘ra, ilk qurol partiyalari Rossiyaga 2023 yil avgustida kela boshlagan, keng ko‘lamli yetkazib berish esa keyingi oydayoq yo‘lga qo‘yilgan.

Urushda ishtirok etish Shimoliy Koreyaga iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish imkonini berdi: Koreya banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat YaIM 2024 yilda 3,7 foizga oshgan — bu 2016 yildan buyon eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichidir. KXDRning nominal yalpi milliy daromadi 2024 yilda taxminan 44,4 trillion vonni tashkil etgan — bu Janubiy Koreya mos ko‘rsatkichining taxminan 1,7 foizi demakdir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid