Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vadeful Eron bilan urush tufayli global inqirozdan xavotirda
Germaniya tashqi ishlar vaziri Eronga qarshi harbiy operatsiya bu mamlakatda tartibli rejim almashinuviga olib kelmaydi, deb hisoblaydi. Yoxann Vadeful fikricha, siyosiy yechim izlashda Yevropa ham o‘z rolini o‘ynashi kerak.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Eronga qarshi urushning yanada kengayishi va uning global oqibatlari xavfi haqida ogohlantirdi. Xristian-demokrat siyosatchi 18 mart, chorshanba kuni Berlinda fransuz hamkasbi Jan-Noel Barro bilan uchrashuvda shunday dedi: urush “nafaqat ushbu mintaqani, balki butun dunyoni ham juda chuqur inqirozga giriftor qilishi mumkin bo‘lgan haqiqiy keskinlashish salohiyatiga ega”.
Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, hatto mintaqadan o‘g‘itlar yetkazib berishning to‘xtashi ham Afrikaning katta qismida “oziq-ovqat inqirozi”ni keltirib chiqarishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, bu holat “azob chekadigan odamlar sababli va, albatta, buning natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qochqinlar oqimi sababli” tashvish uyg‘otishi lozim.
“Bu biz uchun juda katta ahamiyatga ega. Bularning barchasini vaziyatga mas’uliyat bilan baho berish doirasida hisobga olish kerak”, deb ta’kidladi Vadeful. Barro Vadeful bilan uchrashuvdan oldin Germaniya kansleri Fridrix Mers ishtirokida o‘tgan Germaniya vazirlar mahkamasi yig‘ilishida qatnashgan. Bunday o‘zaro almashuv Axenda tuzilgan german-fransuz shartnomasiga muvofiq yilda to‘rt marta o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
Vadeful ta’kidlashicha, “bunday harbiy zarba Eronda tartibli rejim almashinuviga olib keladi” deb kutish kerak emas. Uning eslatishicha, na Iroqda, na Liviyada harbiy aralashuv erkin, demokratik va huquqiy davlatga tartibli o‘tishga olib kelgan.
Germaniya vazirining so‘zlariga ko‘ra, u Eronda insonparvar boshqaruvga o‘tishni ko‘rishni afzal bilar edi — shu munosabat bilan Germaniya Eron muxolifati bilan ham muzokaralar olib borayotganini aytdi. “Ammo urush vaqtida bunday o‘tish mamlakat ichida tez sodir bo‘la olmaydi. Men bu maqsadga tashqi harbiy yo‘l bilan erishish mumkinligiga shunchaki ishonmayman,” dedi Vadeful.
Germaniya tashqi ishlar vaziri fikricha, AQSh va Isroil bilan birgalikda “ular o‘z oldiga qo‘ygan harbiy maqsadlarga erishiladigan nuqtani topishga” urinish kerak. U shunday dedi: “Shundan keyin keskinlikni pasaytirish, janglarni to‘xtatish, shuningdek Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Fors ko‘rfazi davlatlari xavfsizligini ta’minlash kerak bo‘ladi. Menimcha, Yevropa bu jarayonda o‘z rolini o‘ynashi kerak”.
O‘z navbatida, Barro harbiy qarama-qarshilikni to‘xtatishga chaqirdi, buning uchun esa “Eron rejimi yon berishga va o‘z pozitsiyasini tubdan o‘zgartirishga majbur”ligini aytdi. Uning fikricha, bu Eronning mintaqada tinch-totuv yashashini ta’minlaydigan va Eron xalqiga o‘z kelajagini o‘zi belgilash imkonini beradigan siyosiy yechim topishga yo‘l ochadi.
Mavzuga oid
14:15
Livanga yana hujum bo‘lsa, kelishuv taqdiri so‘roq ostida qoladi – Umrbek Yusupov
13:35
AQSh-Eron prezidentlari o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi
12:04
O‘zbekiston va Germaniya birinchi xonimlari inklyuziv ta’lim masalalarini muhokama qildi
10:00