“Hizbulloh” Isroilga qarshi urush davomida Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) a’zolari nazorati ostida harakat qilmoqda. Bu haqda Livan bosh vaziri Navof Salom 22 mart, yakshanba kuni kechqurun Saudiyaning Al Hadath telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“IIMK bu yerda mavjud va afsuski, Livanda harbiy operatsiyalarga rahbarlik qilmoqda. Bu shaxslar soxta pasportlar bilan mamlakatga noqonuniy kirib kelgan”, — dedi Salom.

Livan bosh vaziri, shuningdek, mart oyi boshida Kiprdagi Britaniyaning Akrotiri harbiy bazasiga Eronda ishlab chiqarilgan dronlar orqali amalga oshirilgan hujum uchun ham IIMKni javobgar deb hisoblashini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu uchuvchisiz apparatlar aynan IIMK a’zolari tomonidan uchirilgan.

Bundan avval Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan Kipr rasmiylari mazkur dron Erondan emas, balki Livandan “Hizbulloh” guruhi tomonidan uchirilganini ma’lum qilgan edi.

Navof Salom intervyu davomida “Hizbulloh”ni Livanni urushga tortishda ham aybladi. Uning aytishicha, bu harakat Isroilga raketalar uchirib, mamlakatni mojaroga jalb qilgan.

“Aytilishicha, bu urush Ali Xominaiyning o‘limi uchun qasos sifatida boshlangan. Bu esa urush bizga majburan yuklanganini anglatadi”, — dedi Livan bosh vaziri.

2 mart kuni Livan hukumati mamlakatda IIMKning har qanday faoliyatini taqiqlash haqida qaror qabul qildi. Shuningdek, Bayrut “Hizbulloh” a’zolarini qurollarni ixtiyoriy ravishda davlatga topshirishga chaqirdi.

“Biz qabul qilingan qarorlarga amal qilmoqdamiz va ularni hayotga tatbiq etish ustida ishlayapmiz”, — dedi Salom bu boradagi savolga javoban.

Shu kunning o‘zida Isroil harbiylari Livan janubini mamlakat markazi bilan bog‘lovchi va mintaqadagi eng muhim ko‘priklardan biri bo‘lgan Litani daryosi ustidagi ko‘prikni yo‘q qildi. Bu Isroil va Livan o‘rtasidagi ziddiyatning yana bir keskinlashuvi sifatida baholanmoqda.

Bir necha soat avval Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Isroil mudofaa armiyasiga (TSAHAL) Livan janubiy chegarasi yaqinidagi uylarni buzish ishlarini tezlashtirish va Litani daryosi ustidagi barcha ko‘priklarni yo‘q qilish vazifasi yuklatilganini ma’lum qildi. Bu orqali “Hizbulloh”ga qurol yetkazib berish yo‘llarini to‘sish ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida, TSAHAL bosh shtabi rahbari Eyal Zamir “Hizbulloh”ga qarshi quruqlik operatsiyasi ko‘lamini kengaytirish rejasi borligini bildirdi.