Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik ta’lim va madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Avvalo, “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida rejalashtirilgan ishlar haqida axborot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda. Bu Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termiz shaharlarida ham qayd etilmoqda. Havo ifloslanishining asosiy omillari sifatida sanoatning o‘sishi, uglerod yoqilg‘ilaridan keng foydalanish, transport vositalari sonining ko‘payishi, tabiiy omillar va nazoratning yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan 2030 yilga qadar atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini qisqartirish, sanoat obektlarida tashlamalarni ushlab qolish ulushini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda PM2,5 bo‘yicha me’yordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini pasaytirish asosiy maqsadlar etib belgilangan.
Amalga oshirilgan tezkor choralar natijasida Toshkent shahrida havo sifati muayyan darajada yaxshilangan. Jumladan, 2026 yil yanvar-fevral oylarida PM2,5 konsentratsiyasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli pasaygan. Endi bu yo‘nalishda hududiy dasturlar bosqichma-bosqich qabul qilinib, har bir viloyatda tahlil va diagnostika, yagona havo monitoringi hamda ifloslanish manbalarini inventarizatsiya qilish ishlari tashkil etiladi.
“Toza havo” loyihasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida e’tibor qaratilgan. Mahsulotining ma’lum qismini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqaradigan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy rag‘batlar berish, avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash hamda energiya samarador uskunalarni keng joriy etish ko‘zda tutilgan. Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi sanoat korxonalarida majburiy avtomatik monitoring postlari o‘rnatilib, ularning ma’lumotlari yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Bunday talablarga amal qilmagan sub’yektlar uchun kompensatsiya to‘lovlari keskin oshiriladi.
Qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi. Yangi quriladigan yirik obektlarni loyihalashtirishda ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish, qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvur va konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya to‘siqlari bilan o‘rash, onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish kabi talablar belgilanmoqda.















