Ta’lim | 14:35
6494
2 daqiqa o‘qiladi

Endi ayrim o‘quvchilar davlat imtihonini topshirmaydi

O‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Yangi tartibga ko‘ra, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘quvchilar mazkur fanlardan davlat imtihonini topshirmaydi va ularga maksimal ball qo‘yiladi.

Foto: 123RF

Adliya vazirligi o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026 yil 19 mart kuni 2011-5-son bilan ro‘yxatga olingan.

Kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, yakuniy attestatsiya sinovlarida xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy hamda xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar ushbu fanlardan davlat imtihonlarini topshirishdan ozod etiladi. Bunda ularga maksimal ball beriladi.

Shuningdek, yakuniy attestatsiya sinovlarini uch yil mobaynida ham topshirmagan o‘quvchilar uchun davlat namunasidagi shahodatnomani olish maqsadida eksternat tartibida yakuniy attestatsiyadan o‘tish huquqi belgilandi.

Yangi tartibda apellyatsiya masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Endi yakuniy attestatsiya sinovlarida shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tuziladi. O‘quvchilar davlat imtihoni natijalari e’lon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish jarayonida o‘quvchining davlat imtihonida olgan ballini pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur o‘zgartishlar o‘quvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish, baholash jarayonida shaffoflikni ta’minlash va sertifikatga ega yoshlarni rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid