O‘zbekiston | 10:00
509
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

«O‘zbekinvest» va SACe eksport sug‘urtasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

2026 yil 23–24 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Italiya – Markaziy Osiyo – Ozarboyjon» formatidagi Xalqaro agro-biznes forumi doirasida «O‘zbekinvest» sug‘urta kompaniyasi rahbariyati Italiya Eksport-kredit agentligi - SACe prezidenti Gugliyelmo Picchi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur muzokaralar 2025 yil 26 may kuni Rim shahrida tomonlar o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvlarini rivojlantirishning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Foto: O‘zbekinvest

Muzokaralar yakunida «O‘zbekinvest» va SACe o‘rtasida muloqotni davom ettirish hamda hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa turdagi xomashyoni qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy korxonalarni tashkil etishga qaratilgan loyihalarni birgalikda sug‘urtalash masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu loyihalar eksport salohiyatini oshirish, ichki bozorni to‘ldirish va ilg‘or italyan texnologiyalari asosida yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Tomonlar, shuningdek, milliy eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi o‘rtasida o‘zaro savdoni rag‘batlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Eksport mahsulotlari, texnologiyalar, uskunalar va xizmatlarni ilgari surishga ko‘maklashish, shuningdek tashqi savdo operatsiyalarini sug‘urtalashning samarali mexanizmlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar eksportyorlarga to‘lovni kechiktirish sharti bilan amalga oshiriladigan yetkazib berishlarda sug‘urta qoplamasini taqdim etish muhimligini ta’kidladilar. Bu esa tijorat va siyosiy risklarni kamaytirish hamda milliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

Uchrashuv davomida kichik va o‘rta biznes sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari, jumladan tadbirkorlarning xalqaro savdodagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiluvchi moliyaviy va sug‘urta instrumentlarini ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi.

Alohida qayd etildiki, o‘zbek tomoni Italiya ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekistonga eksport qilish bilan bog‘liq sug‘urta shartnomalari doirasida SACe risklarini qayta sug‘urtalashda ishtirok etishga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi korxonalari — kontragentlar to‘g‘risida zarur axborotni taqdim etishga tayyorligini bildirdi. Bu esa eksport-import operatsiyalarining shaffofligi va ishonchliligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: «O‘zbekinvest» eksport-import sug‘urta kompaniyasi AJ 2025 yil yakunlariga ko‘ra milliy eksportyorlarning iqtisodiy manfaatlarini siyosiy va tijorat risklaridan 3,3 mlrd AQSh dollaridan ortiq miqdorda kompleks sug‘urta himoyasi bilan ta’minladi, bu esa O‘zbekiston Respublikasining xomashyo bo‘lmagan eksportining 34 foizini tashkil etadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid