Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
The Washington Post: Pentagon Eronda quruqlik amaliyoti o‘tkazishga tayyorlanmoqda
Bunday amaliyot bir necha haftadan bir necha oygacha davom etishi mumkin.
Foto: Reuters
Pentagon Eronda bir necha haftadan ikki oygacha davom etishi mumkin bo‘lgan quruqlikdagi operatsiyalarga tayyorlanmoqda, deb yozadi The Washington Post manbalarga tayanib.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Pentagon tomonidan ko‘rib chiqilayotgan variantlarning hech biri keng ko‘lamli bosqinni nazarda tutmaydi. Harbiylar tayyorlanayotgan operatsiyalar faqat savdo va harbiy kemalarni o‘qqa tutuvchi qurollarni yo‘q qilish maqsadida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi sohilidagi hududlarda maxsus kuchlar va oddiy piyodalar ishtirokidagi cheklangan reydlarni, shuningdek, Eron neftining asosiy eksport markazi bo‘lgan Xarq orolini egallab olishni o‘z ichiga oladi.
Nashr har qanday quruqlik missiyasi AQSh harbiylarini xavf ostiga qo‘yishi, ular raketa va dronlar hujumiga, quruqlikdagi o‘t ochish va qo‘lbola portlovchi qurilmalar orqali sodir etiladigan portlashlarga duchor bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
Hozircha Tramp quruqlik kampaniyasini ma’qullagani yoki yo‘qligi ma’lum emas.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt The Washington Post muxbiri bilan suhbatda Pentagonning vazifasi har qanday variantga tayyorgarlik ko‘rish va «bosh qo‘mondonga harakatlarda maksimal erkinlik taqdim etish»dan iboratligini aytgan. «Bu prezident [quruqlik amaliyoti bo‘yicha] qaror qabul qilganini anglatmaydi», – degan u.
WP suhbatdoshlaridan biri ko‘rib chiqilayotgan maqsadlarga erishish uchun «oylar emas, balki bir necha hafta yetarli bo‘lishi»ni aytgan. Boshqa manbaning fikricha esa, amaliyot «bir necha oyga cho‘zilishi» mumkin.
«Biz Ivodzimada g‘olib chiqqanmiz, biz buni uddalay olamiz. Men doimo dengiz piyodalariga ishonch bildiraman», – degan senator Lindsi Grem.
Bu vaqtda esa ijtimoiy tarmoqlarda AQSh dengiz piyodalari korpusining zaxira kuchlari qo‘mondoni general-leytenant Leonard F. Andersonning xati tarqaldi. Haqiqiyligi tasdiqlanmagan murojaatda qo‘mondon zaxiradagilarni o‘z jangovar shayligini tekshirib qo‘yishga chaqiradi, buni «hozirgi kunda mamlakat qurolli kuchlari Eron bilan bog‘liq amaliyotlarda ishtirok etayotgani, <...> va umumiy safarbarlik reallikka aylanishi mumkinligi» bilan izohlagan.
- Eronda quruqlik amaliyoti o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida Amerika nashrlarida bir necha kundan buyon muhokama qilinmoqda. Bunday reja haqida rasman ma’lum qilinmagan. AQSh prezidenti Donald Tramp 20 mart kuni «hech qayerga qo‘shin yubormasligi»ni aytgandi.
- Shu kunlarda Yaqin Sharqqa yetib kelgan Amerika harbiy kemalari 4 mingdan ortiq dengiz piyodalarini sig‘dirishi mumkin. Bundan tashqari, 82-havo-desant diviziyasi harbiy xizmatchilari jangovar shay holatda turibdi.
- Ehtimoliy quruqlik amaliyoti amerikaliklar tomonidan ma’qullanmaydi. Xususan, yaqinda Associated Press tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning 62 foizi Eronda quruqlik qo‘shinlaridan foydalanishga qarshiligini bildirgan va so‘ralganlardan faqat 12 foizi bunday rejani qo‘llab-quvvatlagan.
Mavzuga oid
15:57
Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar: Isroil harbiy-dengiz konserniga zarba berdi, husiychilar yana raketa uchirdi
10:21
Eronda armiyaga chaqiruv yoshi 12 yoshdan etib belgilandi - OAV
23:04 / 28.03.2026
Trampning tahdidi va Eronning zarbasi. Urushdagi so‘nggi voqealar
22:42 / 28.03.2026