O‘zbekiston | 17:20 / 05.04.2026
17452
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi «Beshqo‘rg‘on» bozorida yong‘in chiqdi (video)

Chilonzor tumanidagi «Beshqo‘rg‘on» bozorida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in soat 16:53 da qurshab olindi. Voqea joyiga favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikromov ham yetib borgan.

Foto: Videodan kadr

Bugun, 5 aprel kuni Toshkent shahridagi «Beshqo‘rg‘on» bozorida kuchli yong‘in chiqdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bozor hududida quyuq qora tutun ustuni osmonga ko‘tarilgani aks etgan behisob videolar tarqalgan. Kadrlarda odamlar bozor ichkarisidan o‘z tovar va mashinalarini olib chiqishga shoshilganini ko‘rish mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berishicha, bugun soat 15:56 da Toshkent shahar Chilonzor tumani, Toshkent katta halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida joylashgan «Beshqo‘rg‘on» bozorida do‘kon yonayotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan va yong‘inni o‘chirishga kirishgan.

Yong‘in oqibatida tan-jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan. Vaziyat Toshkent shahar FVBB tomonidan to‘liq nazoratga olingan.

Yong‘in joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikromov yetib borgan.

Yong‘in soat 16:53 da qurshab olingan. Yong‘inni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

To‘ldirish: Yong‘in soat 18:18 da o‘chirildi. Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid