Va nihoyat, AQSh va Eron vaqtinchalik kelishuvga erishdi. Bu urushning to‘liq tugashi emas, muzokaralar uchun pauza olish demakdir. Asosiy vositachi Pokiston bo‘ldi. Ikki hafta ichida tomonlar Pokistonda ko‘rishib, urushni batamom tugatishni muhokama qilmoqchi. Biroq shartlar juda og‘ir. Ikki tomon ham narigi tarafning og‘ir shartlarini qabul qilish niyatida emas.
Tramp bu urushni tezroq tugatish uchun bahona izlamoqda. U yorug‘ yuz bilan: “Mana, men g‘alaba qildim” deya olsa, unga yetadi. Eron ham urushdan katta talofat ko‘rdi va ko‘rmoqda, lekin urushni cho‘zishdan yagona maqsadi – AQShni obro‘sizlantirish va dunyo iqtisodiyoti orqali AQSh hamda uning ittifoqchilariga katta zarar yetkazish. Va bu ishni Eron uddalab keldi.
O‘tgan kuni Tramp: “Bugun kechasi to‘liq bir sivilizatsiya yo‘q bo‘ladi, va hech qachon qayta tiklanmaydi. Biroq rejim o‘zgarganidan so‘ng, balki yangi va yaxshi nimadir boshlanar. Xudoyim Eron xalqini asrasin” deya jiddiy tahdid qildi. Dunyo ekspertlari Tramp Eronga qarshi yadro qurolini ishlatishga sha’ma qilganini gapira boshlashdi. Italiya mudofaa vaziri Gvido Krozeto: “Eron bilan urush yadro eskalatsiyasiga kelib qoldi, AQSh o‘zining liderligini shu yo‘l bilan kuchaytirmoqchi” deya sharhladi.
AQShning o‘zida ham, ko‘plab taniqli shaxslar, siyosatchilar Trampning bu bayonotini keskin tanqid qilishdi. Misol uchun, taniqli jurnalist Taker Karlson Trampga murojaat qilib: “Siz o‘zingizni kim deb o‘ylayapsiz? Siz o‘zingizni Xudo deb o‘ylab boshladingizmi?!” deya tanqid qildi, va butun bir sivilizatsiyani yo‘q qilish tahdidini hech qachon qabul qilib bo‘lmasligini aytdi.
Tramp – marginal siyosatchi. U aytayotgan gaplarining, qilayotgan ishlarining jiddiy oqibatlarini anglamaydi. U AQShning uzoq muddatli strategik manfaatlarini, reputatsiyasini emas, faqat o‘zining shaxsiy manfaatlarini o‘ylaydi. Shuning uchun u atom bombasini qisqa muddatli qo‘rqitish vositasi sifatida ko‘radi. Biroq yadro qurolini ishlatishga sha’ma qilish, tahdid qilishning oqibatlari jiddiy bo‘ladi. Agar Tramp Eronga yoki musulmon davlatlariga qarshi ishlataman deganda ham, ichki mexanizmlarga ko‘ra, bu unchalik oson bo‘lmaydi.
Biroq, muammo – yadro qurolini ishlatishda emas, mana shunday ritorikaning paydo bo‘lganining o‘zida ham. Chunki dunyo tartiboti va o‘yin qoidasiga ko‘ra, qudratli davlatlar kichik va yadro quroli bo‘lmagan davlatlarga bunday tahdid qilishlarining o‘zi – ma’naviy, siyosiy, geosiyosiy inqirozni anglatadi. Shu paytga qadar yadro quroli faqat tiyib turish vositasi sifatida ko‘rildi. Endi, mana, Tramp davriga kelib, bu oddiy bosim va tahdidga aylanib ulgurmoqda.









