Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik shunchaki harbiy mojaro emas, balki global miqyosdagi strategik kurashga aylandi. Vashington taktik ustunlik va iqtisodiy bosim orqali Eronni yengishni maqsad qilgan bo‘lsa, Tehron milliy birdamlik va asimmetrik taktikalarga tayanib, o‘z pozitsiyasini saqlab qolishga urinmoqda. Tomonlarning hozirgi harbiy-iqtisodiy imkoniyatlari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida muhokama qilindi.

AQSh-Eron urushi: urushning mazkur davriga kelib qaysi tomon nisbatan ustun pozitsiyada?

Bektosh Berdiyev: Urushning asosiy fazasi yakunlandi deb ayta olmaymiz. Yaqinda e’lon qilingan sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yaqin Sharq o‘rtasidagi transport samolyotlari qatnovi yanada faollashgan. Ya’ni hududga ko‘plab samolyotlar kelib-ketmoqda. Ayniqsa, bu transport samolyotlaridir. Ular asosan qurol-yarog‘ yoki harbiy xizmatchilarni tashishi mumkin.

Ikkinchi tomondan, Donald Trampning bayonotlari ham e’tiborga loyiq. Unga ko‘ra, agar Eron muzokaralarda qat’iy turib, AQSh shartlariga rozi bo‘lmasa, keskin choralar ko‘rilishi mumkin. Tramp o‘z chiqishlarida turli keskin iboralarni qo‘llab, vaziyatni jiddiylashtiruvchi ritorikadan foydalanmoqda. Bu esa AQShning ham osonlikcha yon bermasligini anglatadi.

Harbiy va texnologik jihatdan AQSh Eron bilan solishtirganda ancha ustun, garchi geografik jihatdan uzoqda joylashgan bo‘lsa ham. Shu bilan birga, hozirgi urush sharoitida aniq xulosa chiqarish qiyin. Ba’zi fikrlarda Eron g‘alaba qozondi, AQSh esa mag‘lub bo‘ldi, degan qarashlar uchraydi. Biroq bunday xulosalarga hali erta.

Shuningdek, 21–23 aprel kunlari Pokistonda rejalashtirilayotgan uchrashuvlar qanday natija berishi hozircha ochiq masala bo‘lib qolmoqda. Vaziyat yanada keskinlashishi ehtimoli mavjud.

Eron rasmiy bayonotlariga ko‘ra, ular raketa va dron kuchlarini jangovar shay holatda saqlamoqda. Shuningdek, ehtimoliy quruqlikdagi harbiy amaliyotlarga ham tayyorgarlik ko‘rilayotgani aytilmoqda. Ayrim tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyga tegishli transport samolyotlari transponderlari o‘chirilgan holda Eronga qo‘ngani haqida xabarlar tarqalgan. Bu esa Eronning qurollanish jarayonlari davom etayotganini ko‘rsatadi. Umuman olganda, har ikki tomon ham harbiy tayyorgarlikni susaytirgani yo‘q. Shundan kelib chiqib, urush yakuniy bosqichga o‘tdi degan xulosaga kelishga hali erta.