Ijtimoiy tarmoqlarda kuchli yomg‘ir natijasida suv oqimlari “Chorsu” metro bekati tomon oqib kelayotgani aks etgan kadrlar tarqaldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining ta’kidlashicha, suvning katta qismi irrigatsiya-drenaj tizimi orqali tabiiy ravishda chiqib ketgan.
Suv to‘planishining oldini olish maqsadida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi kuch va vositalari jalb etilgan.
“Ayni vaqtda metro bekati shtat rejimida ishlamoqda, poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlanmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Avvalroq Toshkent shahar hokimligi poytaxt aholisi va mehmonlarini noqulay ob-havo sharoitida ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgandi.









