Agar sizga bir mamlakatni boshqarish vazifasini berishsa, ishni nimadan boshlardingiz? Yo‘llarni tuzatishdanmi? Maoshlarni oshirishdanmi? Yoki korrupsiyani yo‘qotishdanmi? Qizig‘i, besh yuz yil avval yashagan bir odam ham xuddi shu haqida bosh qotirgan.
O‘sha odamning ismi Tomas Mor edi. Uning “Utopiya” degan kitobi bor. “Utopiya” - bir vaqtning o‘zida “eng yaxshi joy”, shu bilan birga “hech qayerda yo‘q joy” degan ma’noni anglatadi. Ya’ni bu joyni xaritadan izlab o‘tirmang.
Insoniyat hamisha ideal hayotni izlab kelgan. Doim nimadir yetishmayotgandek yashaymiz. Talaba “Diplomni olsam, hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb o‘ylaydi. Ishlayotgan odam “Maoshim oshsa, hayotim o‘zgaradi”, deydi. Tadbirkor “Yana bitta loyihani tugatay, keyin dam olaman”, deb xayolga beriladi. Hatto bolalar ham “katta bo‘lsam...” deb orzu qiladi. Ammo baxt hamisha yana bir qadam narida turgandek tuyuladi.
Tomas Mor jamiyatga oyna tutadi. Bu oynada esa o‘sha davr Angliyasini aks ettiradi. Boylar tobora boyib borayotgan, kambag‘allar esa tirik qolish uchun kurashayotgan jamiyat. Yerlar ozchilik qo‘liga o‘tib ketgandi. Oddiy dehqonlarning qo‘ylarchalik yashashga ham haqqi qolmagandi. Ochlik, o‘g‘rilik avjiga chiqqandi. Sudlar shafqatsiz, jazo turlari og‘ir, biroq adolat yo‘q edi.
Tomas Mor bizga Rafael Hitlodey degan sayohatchini tanishtiradi. Bu odam ko‘p yurtlarni ko‘rgan, ko‘p xalqlar bilan yashagan, zamonasidan ilgarilab ketgan inson edi. Utopiya haqidagi barcha haqiqatlarni o‘sha sayyoh gapirib beradi.
Utopiyada odamlar kuniga olti soat ishlardi. Qolgan vaqtini esa ilmga, kitobga, hunarga, san’atga bag‘ishlardi.
Hech kim boyligini ko‘z-ko‘z qilmasdi. Chunki u yerda boylik hurmat mezoni emasdi.
Oltin hamisha kuch-qudrat, boylikning asosiy manbai bo‘lib kelgan. Uni yashirib qo‘yamiz, taqinchoq qilamiz, meros qilib qoldiramiz. Utopiyada esa oltindan mahbuslarning oyog‘iga zanjir yasalardi. Bolalar undan o‘yinchoq sifatida foydalanardi. Shu yerga kelganda sizda tabiiy savol paydo bo‘ladi. Narsaning qiymati uning o‘zidami yoki biz bergan ma’nodami?
Shu yerda mavzu chuqurlashadi, demak, "Utopiya" qandaydir davlat haqidagi kitob emas. Bu kitob insonlarning ongi, tafakkuri haqida. Tomas Mor asta-sekin o‘quvchini shunday xulosaga yetaklaydiki, adolatsiz jamiyat tasodifan paydo bo‘lib qolmaydi. Uni adolat haqida gapirishni yaxshi ko‘radigan, ammo adolatni o‘zidan boshlamaydigan odamlar yaratadi.






