Sovet davrida qurilgan ko‘p qavatli uylarga e’tibor bersangiz, g‘alati bir qonuniyatni ko‘rasiz: aksariyat binolar yo 4-5 qavatli, yoki 9 qavatli qilib qurilgan. Shaharlarda 6 yoki 8 qavatli uylarni uchratish deyarli imkonsiz. Bu faqat O‘zbekistonda emas, balki possovet mamlakatlarining aksariyatida keng tarqalgan holat. Nega sovet me’morlari shu raqamlarga yopishib olgan? Bu tasodifmi yoki qat’iy iqtisodiy hisob-kitoblar bilan bog‘liqmi?  

Hashamatdan oddiylikka o‘tish

5 va 9 qavatli uylar qurilishining ommaviylashishi o‘tgan asrning 50 yillariga borib taqaladi. Bu davrga kelib mamlakatda misli ko‘rilmagan uy-joy tanqisligi yuz beradi. Sanoatlashuv fonida shaharlarga aholining yopirilib kelishi natijasida millionlab odamlar yerto‘lalar va zich kommunal kvartiralarda yashashga majbur bo‘la boshlaydi. Bunga qadar me’morchilikda asosan «Stalin ampiri» deb nomlangan uslub hukmron edi. «Stalinka»lar g‘ishtdan qurilar, shiftlari baland va xonalari keng bo‘lib, bunday uylarni qurish juda sekin va o‘ta qimmat bo‘lgan. Nikita Xrushchyov hokimiyatga kelgach, u qimmatbaho va hashamatli arxitekturadan voz kechib, maksimal darajada arzonlashtirilgan, tez bitadigan panel uylar qurilishini boshlab beradi.

Avvalo, shuni alohida ta’kidlash lozimki, kapitalistik davlatlardan farqli o‘laroq, SSSRda yerning bozor narxi yo‘q edi. Shu sababli quruvchilarda qimmatbaho joydan olingan yerni oqlash uchun osmono‘par binolar qurishga iqtisodiy rag‘bat ham bo‘lmagan. Natijada shaharlar tepaga emas, balki eniga — 4 va 5 qavatli massivlar shaklida kengaya boshlaydi.

Nega aynan besh qavat?

Sovet davlatida amal qilgan qurilish me’yorlariga ko‘ra, bino balandligi ma’lum bir nuqtadan oshsa, unda majburiy ravishda lift o‘rnatilishi kerak edi. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, sog‘lom inson uchun har kuni bir necha bor beshinchi qavatga ko‘tarilish og‘irlik qilmaydi, ammo oltinchi qavatga tushib-chiqish jismoniy zo‘riqishga olib keladi. Shu sababli lift o‘rnatish shart bo‘lmagan maksimal balandlik — 5 qavat etib belgilandi. Agar bino 6 qavatli qilib qurilsa, unga qimmatbaho lift uskunasi o‘rnatish, lift shaxtasi uchun joy ajratish va uni texnik nazorat qilishga qo‘shimcha xarajat talab etilardi. Butun Ittifoq bo‘ylab o‘n minglab uylarni liftlar bilan ta’minlash imkonsiz bo‘lgan. Iqtisodchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, 6 qavatli uyning kvadrat metr narxi 5 qavatli uyga qaraganda ancha qimmatga tusha boshlaydi. Shu sababli SSSR shaharlarida 4 yoki 5 qavatli uylar ommaviy ravishda quriladi.