Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris o‘z intervyusida Kaliningrad haqida aytgan gaplari uchun Rossiyada keskin tanqidga uchradi. Moskvadagilar vazirning so‘zlarini «telbalik» deb atashdi. Budrisning intervyusi 18 may kuni Shveytsariyadagi Neue Zürcher Zeitung gazetasida e’lon qilingandi. Quyida vazir nimalar degani va uning so‘zlariga Rossiyadan qanday javob bo‘lgani haqida.

Litva TIV rahbari nimalar degan?

Kyastutis Budris Litvada havo hujumidan mudofaa vositalari yetishmasligi, Rossiya va Ukraina dronlari esa «muntazam ravishda mamlakat havo kengliklariga bostirib kirayotgani», bundan tashqari, ba’zida Litva ustidan Rossiya jangovar samolyotlari transponderlarini o‘chirgan holda uchib o‘tishi haqida gapirgan.

Vazirning hisoblashicha, Rossiya-Ukraina urushi tufayli «bunday hodisalar ehtimoli keskin oshgan». Uning so‘zlariga ko‘ra, Litva yaqin va o‘rta masofali tizimlarga investitsiya kiritmoqda, biroq mamlakatda «ballistik va qanotli raketalarni qaytarish uchun uzoq masofali havo hujumidan mudofaa tizimlari yetishmayapti». Budrisning aytishicha, Litva Rossiyaning niyatlari va imkoniyatlarini biladi: «O‘zgarishi kerak bo‘lgan yagona narsa – bu bizning zaifligimiz. Va biz buning ustida ishlayapmiz».

Kyastutis Budris
Konstantin Sednev / Postimees Grupp / Scanpix / LETA

U NATO nizomining beshinchi moddasiga ishonishi va mamlakatga bostirib kirilgan taqdirda Yevropadagi ittifoqchilar Litvaga yordam berishiga shubha qilmasligini qo‘shimcha qilgan. Hozir ham Litvada NATO qo‘shinlari joylashtirilgan, asosiy mas’uliyat esa Germaniya zimmasida. U Germaniya Litva xavfsizligini himoya qilishiga ishonadi: «Germaniya bizga so‘z bergan».

Rossiyaning Litva Polsha o‘rtasida joylashgan anklav hududi hisoblangan Kaliningrad shahri haqida gapirarkan, vazir shunday deydi:

Biz rossiyaliklarga ularning Kaliningradda qurgan kichik qal’asiga yorib kirishga qodir ekanimizni ko‘rsatishimiz kerak. NATOda zarurat tug‘ilganda Rossiyaning havo hujumidan mudofaa bazalari va u yerda joylashgan raketa bazalarini yer bilan yakson qilish uchun vositalar mavjud.