Ebola virusi keltirib chiqargan kasallik Kongo Demokratik Respublikasida tarqalishi davom etmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreyyesusning ma’lum qilishicha, mamlakatda Bundibudjio ebolavirusiga chalinish holatlari 900 dan oshgan, shundan 220 ta holatda o‘lim qayd etilgan. Va tibbiyot xodimlari virus yuqishi mumkin bo‘lganlarning atigi 20 foizini (1745 kontakt) kuzata olmoqda. Qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralar yopilgan yoki qattiq nazorat qilinmoqda, ammo kasallik tarqalishini sekinlashtirishning imkoni bo‘lmayapti. Kongo DR ichkarisida bu tartibsizliklarga olib kelmoqda: infeksiyaga chalinishda gumonlanuvchilarni joylashtirishga mo‘ljallangan markazdan kamida 18 kishi qochib ketgan va ular hamon topilmagan. Qurollangan isyonchi guruhlar faoliyati, ichkarida ko‘pchilik u joydan bu joyga ko‘chib yurishi, hokimiyat layoqatsizligi hamda xalqaro yordam qisqargani vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Hozircha epidemiyani nazoratga olishning iloji bo‘lmayapti – uni juda kech aniqlashdi
JSST 2026 yil may oyi o‘rtalarida rasman xalqaro ahamiyatga ega favqulodda vaziyat e’lon qildi, biroq epidemiya amalda bir necha hafta oldin boshlangan va payqalmay qolgan edi. Mutaxassislar fikricha, virus aniqlanishidan oldin mintaqada bir necha oy davomida aylanib yurgan bo‘lishi mumkin. The New York Times nashri ta’kidlashicha, Ebola infeksiyasi tarqalishi e’lon qilinganidan atigi 10 kun o‘tib, u kuzatuvlar tarixidagi uchinchi eng katta epidemiyaga aylandi.
Bu safar epidemiyani nazorat qilish virusning turi tufayli ham qiyin. Tasdiqlangan dori-darmonlar va vaksinalar yo‘qligi shunga olib keldiki, tibbiyot xodimlari vaziyatga faqat bemorlarni ihotalash, ularning kontaktlarini kuzatish va qo‘llab-quvvatlovchi terapiya yordamida ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shifokorlar va dori-darmon yetishmayapti. Bunga mintaqadagi ichki vaziyat va Trampning siyosati ta’sir ko‘rsatmoqda
Gumanitar tashkilotlar mintaqa eng qaltis pallada resurssiz qolganini ochiqchasiga ta’kidlamoqda. Qurolli guruhlar bilan to‘qnash kelish xavfi shifokorlar faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. «Ituri provinsiyasida davom etayotgan mojaro kuzatuv guruhlari harakatlanishini, tezkor reaksiya ko‘rsatish guruhlarni joylashtirishni va laboratoriya namunalari transportirovkasini cheklamoqda», – deyiladi JSST hisobotida.
Muammoning boshqa tomoni – AQShning gumanitar tashabbuslar sohasidagi siyosati; Donald Tramp ma’muriyati JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatgan, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligini (USAID) tarqatib yuborgan, bevosita Kongo Demokratik Respublikasiga taqdim etiladigan tibbiy yordamning umumiy hajmini qisqartirishda davom etmoqda.








