Yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiya urush boshidan buyon Ukraina poytaxti Kiyevga eng vayronkor hujumlardan birini amalga oshirdi. Hujum uchun yuzlab dron, o‘nlab turli xil raketa va ballistik raketalardan foydalanishdi. Ukraina poytaxi «Oreshnik», «Kinjal», «Iskander», «Tsirkon» degan vahimali raketalar bilan nishonga olindi. Yadroviy qurollar ishlatilmadi xolos.
Va bunday zarbalar davom etarkan. Rossiya TIV «qaror qabul qilinadigan markazlarga zarba berilishini» anons qilib, Zelenskiy ofisi ham nishonga olinishi mumkinligiga ishora berdi. Ukraina shaharlarini bunday vajohat bilan bombalayotgani aslida Rossiyaning frontda ishlari yurishmayotganini bildiradi.
«Oreshnik» ikkitamidi?
Rossiya tomoni Kiyevga yoppa hujumni «ukrainlarning kollejga qilgan hujumi uchun javob» deb atamoqda, lekin bu aslida Moskvaga qilingan keng ko‘lamli dron hujumi uchun revansh bo‘lganini tushunish qiyin emas. Putin uchun urush Moskvagacha yetib bormasligi juda muhim, ukrainlar ana shu «qizil chiziq»ni bosgani uning jahlini chiqardi. Bir kecha davomida Kiyevning kamida qirqta hududida portlash sodir bo‘lgan. Doimgidek asosan turar joy binolari, ijtimoiy obektlar, shuningdek, muzey hamda boshqa madaniy binolar hujumga uchradi.
Ukrainlar Eron dronlarini urishning piri bo‘lib ketgani uchun «moped»lar jiddiy zarar yetkaza olmagan. Biroq katta bombalar, million-million dollar turadigan qanotli va ballistik raketalar Ukraina poytaxtida jiddiy vayrongarchiliklar keltirib chiqardi. Bu gal hujumda Putin yaxshi ko‘radigan «Oreshnik» degan ballistik raketadan ham foydalanishdi. Hozirgacha Rossiya bu raketadan bir marta Dneprga, bir marta Lvivga otgandi. Bu gal Kiyevning Belaya Tserkov tumaniga avval 6 ta, keyin 36 taga bo‘lakka bo‘linishi bilan ajralib turadigan ballistik raketa borib tushdi.
Ukrain nashrlariga ko‘ra, ruslar aslida bir kecha davomida bitta emas, ikkita «Oreshnik» otgan. Birinchi raketa nishonda adashib, Ukrainaning Rossiya bosib olgan hududiga tushgani aytilmoqda. Nishonga tekkan «Oreshnik» esa Kiyevdagi garajlar ustiga tushgan. U yerdan video olgan ukrainlar «Oreshnik» Sasha amakining garajiga tushibdi, demak barcha strategik qarorlar mana shu mashina ta’mirlovchi amaki tomonidan qabul qilingan ekan, deb hazillashmoqda.
Bu hali hammasi emaskan, Rossiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, «Moskvaning toqati toq bo‘libdi» va endigi zarbalar «qaror qabul qilinadigan markazlarga» bo‘larkan. Vaholanki, yakshanbaga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujumlar ham «qaror qabul qilinadigan markazlarga» berilishi anons qilingandi. Rossiya bosh diplomatik idorasi xorijiy fuqarolarni Kiyevni tezroq tark etishga, mahalliy ukrainlarni harbiy obektlarga yaqinlashmaslikka chaqirdi.









