Davlat rahbari dastlab kelajak va global iqtisodiyotning yangi arxitekturasiga oid masalalarga to‘xtaldi.

“O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yo‘lining yuragi bo‘lib kelgan. Samarqand, Buxoro va Toshkent orqali nafaqat mahsulotlar tashilgan, balki g‘oya va bilimlar, madaniy va diniy an’analar bir-birini o‘zaro boyitib kelgan. Shuning uchun ham ochiqlik biz uchun doimo tanlov emas, balki hayotiy zarurat va sivilizatsiya kodi hisoblangan. Hozirgi kunda u yangicha ma’no-mazmun kasb etib bormoqda. O‘zbekiston va umuman, Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy o‘sish markaziga aylanmoqda. Bu mintaqada kelajakning transport, texnologiya va demografiya sohalaridagi qiyofasi namoyon bo‘lmoqda. Ushbu makonda Shimol va Janub, G‘arb va Sharq o‘rtasidagi asosiy kommunikatsiyalar chorrahasi shakllanmoqda. Kuchayib borayotgan ayni tendensiyani yanada mustahkamlash uchun bizga sifat jihatidan yangi darajadagi bog‘liqlik nihoyatda zarur. Bu o‘rinda nafaqat an’anaviy transport-logistika va energetika yo‘laklarini birlashtirish, balki raqamli, to‘lov va ishlab chiqarish infratuzilmalarini integratsiya qilish haqida ham so‘z bormoqda. Kuchli, birlashgan, iqtisodiy jihatdan bog‘langan, ochiq va barqaror Markaziy Osiyo barcha sheriklarimizning strategik manfaatlariga javob beradi”, dedi Mirziyoyev.

Prezident O‘zbekiston uchun Rossiya mintaqadagi shunchaki qo‘shni emas, vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherik va ittifoqchi ekanini qayd etdi.

Bugungi kunda o‘zaro munosabatlarimiz yangi davrga qadam qo‘ydi. Hamkorlik ko‘p darajali va ko‘p qirrali tus oldi. So‘nggi 10 yilda o‘zaro mahsulot aylanmasi uch barobardan ko‘proq – 4 milliard dollardan 13 milliard dollarga oshdi. Rossiya bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 50 milliard dollardan ortadi.

“Energetika sohasidagi hamkorlikka alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Investitsiya loyihalari, jumladan, Rossiya ishtirokidagi loyihalar hisobidan biz elektr energiyasi ishlab chiqarishni bir yarim barobar – 58 milliard kilovatt-soatdan 87 milliard kilovatt-soatga oshirdik. 2030 yilgacha generatsiyani 120 milliard kilovatt-soatgacha ko‘paytirishni rejalashtirmoqdamiz. Uning 54 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalari tashkil etadi. Bizning energetika sohasidagi quvvatlarimiz, shuningdek, O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida birinchi gibrid atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi hisobidan ham ortadi.

Kecha AES qurilishining birinchi poydevorini qo‘yish marosimida qatnashdik. Biz uchun bu uzoq muddatli rivojlanish, yangi muhandislik maktabini tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan loyihadir.

Atomdan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha boshqa sohalar – tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ilm-fanda ham hamkorlikda ish olib borish niyatidamiz”, dedi prezident.