Jamiyat | 12:20
1035
2 daqiqa o‘qiladi

Koreyaga yuborish va’dasi bilan pul yig‘gan shaxslar qo‘lga olindi

Respublikaning bir qator hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, ulardan turli miqdorda pul olgan bir necha shaxslar qo‘lga olindi.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Samarqand, Andijon, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida Koreyaga ishga yoki o‘qishga jo‘natishni va’da qilgan shaxslarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.

Jumladan, Xo‘jayli tumanida bir fuqaro yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga joylashtirib berishni va’da qilib, 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan shaxs 10 nafar fuqaroni 55 ming AQSh dollari evaziga Koreyaga o‘qish va ishga yuborishini aytib, 4 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan. Tergovga qadar tekshiruvlarda uning yana 46 nafar fuqarodan jami 196 ming 650 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Shuningdek, Samarqand, Andijon, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida ham Koreyaga ishchi yoki sport vizasi rasmiylashtirib berish, shuningdek, ishga joylashtirishni va’da qilgan bir qator shaxslar fuqarolardan pul olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid