Yig‘ilishda qayd qilinishicha, 8 ming 604 ta aholi punktidan 2 ming 506 tasi yoki 29 foizi bosh reja bilan qamrab olingan. 2026 yilda yana 154 ta, 2027 yilda esa 144 ta aholi punkti uchun bosh reja ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Mavjud bosh rejalarning 1 ming 44 tasi elektron shaklga o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, alohida hududlarni rivojlantirish bo‘yicha 2024-2025 yillarda 275 ta master-reja ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, ularning yagona hisobi yuritilmagan, bosh rejalar bilan o‘zaro bog‘lanmagan. Bu esa hududlarni kompleks rivojlantirish, infratuzilma, transport, muhandislik tarmoqlari va ijtimoiy obektlarni uyg‘un rejalashtirishda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shu munosabat bilan bosh reja va master-reja bilan ishlashning yangi tizimi taklif etildi. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda bosh reja bo‘yicha ma’lumotlar to‘liq jamlanadi va aktuallashtiriladi, ikkinchi bosqichda raqamlashtirish amalga oshiriladi, uchinchi bosqichda monitoring tizimi yo‘lga qo‘yiladi, to‘rtinchi bosqichda esa kompleks axborot-tahlil tizimi shakllantiriladi.
Bu jarayonda shaharsozlik hujjatlarining yagona elektron reyestri yuritiladi. Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlar yuridik kuchga ega bo‘lmasligi belgilanadi. Urbanizatsiya markaziga shaharsozlik geoaxborot tizimini yuritish, kompleks qurilish jarayonlarida topogeodeziya ishlarini muvofiqlashtirish va hududiy arxitektura-rejalashtirish kengashlarining faoliyatini uslubiy ta’minlash kabi qo‘shimcha vazifalar yuklanadi.
Ta’kidlanishicha, urbanistika, geodeziya, kadastr, loyihalash, aglomeratsiyalarni boshqarish va geoaxborot tizimlari bilan ishlay oladigan o‘rta va oliy bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj ortib bormoqda.
Shu maqsadda Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumini Urbanistika, geodeziya va kadastr texnikumi sifatida qayta tashkil etish taklif qilindi. Unda o‘rta bo‘g‘in uchun o‘lchovchi mutaxassislar, kadastr va geodeziya, kompyuter grafikasi dizayn operatorlari hamda kompyuter kadastr dasturlari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.
Oliy ta’lim tizimida Toshkent arxitektura-qurilish universitetida “Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish” fakultetini ochish rejalashtirilgan.
Barcha hududlarda urbanistika, loyihalashtirish va arxitektura yo‘nalishlarini bir joyda jamlaydigan kreativ parklar tashkil etish ham taklif qilindi. Ularda laboratoriyalar, konstruktorlik ustaxonalari, dasturiy ta’minot, loyihalash xizmatlari, onbording, netvorking va kovorking maydonlari tashkil etiladi. Kreativ park rezidentlariga jismoniy shaxslar daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.









